Donald Tramp saylovoldi kampaniyasini boshlamoqda

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp kecha, 28 yanvar kuni ilk saylov mitinglarini o‘tkazdi, ikki oydan ko‘proq vaqt oldin u davlat rahbari lavozimi uchun kurashda ishtirok etish niyatini ma’lum qilgan edi.

Associated Press xabariga ko‘ra, u kuniga ikkita miting o‘tkazishi kerak: biri Nyu-Gempshirda, ikkinchisi Janubiy Karolinada. Gap Respublikachilar partiyasining praymerizlarini birinchilardan bo‘lib o‘tkazgan shtatlar haqida ketmoqda – Trampning ularga qiziqishi shundan.

Hozircha Tramp o‘z partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashish niyatini bildirgan yagona respublikachidir. Biroq yaqin oylarda uning jiddiy raqiblari paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Tramp 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozona olmadi va hozirgi davlat rahbari Jo Baydenga yutqazdi. Shu bilan birga, respublikachi ovoz berish paytidagi qonunbuzarliklar uning g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qilganini hamon da’vo qilmoqda. Ushbu mag‘lubiyatga qaramay, Tramp bu yillar davomida Respublikachilar partiyasining eng nufuzli vakili bo‘lib qoldi.

Vaziyat 2022 yil noyabrida, Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qator siyosatchilar AQSh Kongressiga saylovda g‘alaba qozona olmagach, biroz o‘zgardi. Natijada, respublikachilar akariyat prognozlardan farqli o‘laroq, Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kirita olmadi va katta qiyinchilik bilan Vakillar palatasida ko‘p joyni egalladi. O‘shanda AQSh ommaviy axborot vositalari aynan Tramp tufayli partiya ishonchli g‘alabaga erisha olmaganini taxmin qilgan edi. So‘rovlar ham sobiq prezidentning reytingi pasayganini, Desantisning esa mashhurligi oshganini ko‘rsatgan.

Biroq, so‘nggi haftalarda vaziyat o‘zgara boshladi: Tramp bir nechta so‘rovlarga ko‘ra, respublikachi elektorat orasida reyting bo‘yicha Desantisdan ishonchli tarzda oldinda.

AQShda prezidentlik saylovlari 2024 yilda bo‘lib o‘tadi. Undan oldin demokratlar ham, respublikachilar ham o‘z nomzodini tanlashi kerak bo‘ladi.