Endi Ishtixonda ham malina yetishtiriladi
Tumanning Beshariq mahallasi fermer xo‘jaliklari hududidan ishsiz yoshlar uchun ajratilgan yer maydonining 1 gektariga malina ko‘chatlari ekildi.
- Bir necha yildan beri meni ishsizlik muammosi qiynab kelardi, - deydi mahalla yoshlaridan biri Sarvara Hubbimova. – O‘tgan yili auksion savdosi orqali ijaraga yer berilayotgani haqida xabarni eshitdim va unda qatnashib, uyimizga yaqin joydan 30 sotix yer yutib oldim. Bu yil erta bahorda mahallamizdagi hokim yordamchisi va bank xodimlari maslahatiga ko‘ra qo‘shnilarim bilan ijaraga olgan yer maydonimizda malina yetishtiradigan bo‘ldik.
Tumanda yangilik bo‘lgan bu yumush bilan shug‘ullanish oson emas. Shuning uchun malinazor barpo etish istagidagi yoshlar uning sir-asrorlarini ko‘p yillik tajribaga ega jomboylik dehqonlardan o‘rganishni boshladi.
Jomboy tumaniga borib, malina yetishtirishni o‘rganib kelyapmiz, - deydi S.Hubbimova. – Ko‘chatlarni ham ulardan sotib olishga qaror qildik. Yaxshi hosil olish uchun har bir qatorga beton ustunlar ham o‘rnatish kerak ekan. Buning uchun esa 50 million so‘m sarflashimiz kerak edi. Buncha pulni topishning o‘zi bo‘lmaydi. Shunda bank xodimlari bizga imtiyozli kredit olishimizga ko‘maklashdi. Shunday qilib ko‘chatlarni o‘tqazdik. Beton ustunlarni o‘rnatdik. Malina yiliga ikki marta hosil berar ekan. Yaxshi natija kutib turibmiz. Nasib etsa, kreditni ham vaqtida qaytarib, ro‘zg‘orimizga daromad keltiramiz.
Malinachilik bilan shug‘ullanish - serdaromad ish. Viloyatimizning Jomboy va Toyloq tumanlari dehqonlari buni isbotlagan. Ishtixonliklar ham bu ishni eplay olishlariga shubha yo‘q.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.