Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Yetuklikning yetti siri”

“Manzil sari oshiqqan yo‘lovchi qorong‘i kechada yo‘l topolmay qiynalganida uzoqdan miltillab ko‘ringan chiroq shu’lasi ko‘ngliga taskin berib, yana olg‘a yurishga undaydi”.

Taniqli publitsist va jamoat arbobi Abdukamol Rahmonovning “Yetuklikning yetti siri” nomli kitobida manzil sari olg‘a intilib, qiyinchiliklar bilan ko‘zlagan maqsadiga erishgan O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodovga bag‘ishlangan chizgilari shu so‘zlar bilan boshlangan.

Kitobdan o‘rin olgan ocherk va qissalarning har biri o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu yetti badiiy asarning yetti qahramoni o‘z kasbining fidoyilari, mehnati bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelayotgan haqiqiy qahramon yurtdoshlarimizdir.

Muallif ta’rifi bilan aytganda, qalbida quyoshi bor inson Hasan Normurodov, umidvor ko‘zlarga nur ulashgan Xolidjon Komilov, har bir o‘quvchisini o‘z farzandi deb bilgan Muhabbat Sharopova, odil sudlovning o‘chmas chirog‘i Ubaydulla Mingboyev, yer qa’ridan ziyo topgan qadimshunos Mavlon Jo‘raqulov, hayot yo‘li – ilm, maqsadi – ilmdagi haqiqat, amali - adolat bo‘lgan Abdulaziz Mansurov, beshikdan qabrgacha mehnat gulxanlarida toblangan Bektosh Rahimov kabi ulug‘larimiz bosib o‘tgan yo‘llar ibratli kitob. Zero, bugungi kun islohotlariga kamarbasta bo‘lish uchun bunday fidoyi insonlarning hayot yo‘llarini o‘rganish, ulardan tegishli xulosalar chiqarish ayni muddao.