Futbol: “Dinamo” Superligaga tayyorgarlikni boshladi
5 yanvardan boshlab «Dinamo» jamoasi 2022 yilgi yangi mavsumga tayyorgarlikka kirishdi, deya xabar bermoqda «Dinamo» professional futbol klubi matbuot xizmati.
Jamoa Charxin qo‘rg‘onidagi bolalar-o‘smirlar futbol maktabida klub homiysi «Agromir Buildings» tomonidan foydalanishga topshirilgan sun’iy qoplamali maydonda mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.
2021 yilgi mavsumdan keyin jamoa bilan shartnomasi yakuniga yetgan Jasur Hasanov, Obid Jo‘raboyev, Sardor Eminov, Ro‘zimboy Ahmedov, Islom Sharipov, G‘olib Sariboyev, Oleg Marchuk, Dmitro Sidorenko, Siroj Meliyev, Timur Hakimov, Timur Usmanov klub bilan xayrlashdi.
Klub tez orada jamoada ish boshlaydigan murabbiylar shtabi va shartnoma imzolangach, yangi futbolchilar haqida ma’lumot beradi. Ilk yig‘in doirasida asosan o‘tgan mavsumda jamoada bo‘lgan o‘yinchilar va mahalliy yosh futbolchilar ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: «Dinamo» futbolchilari 5 yanvardan 30 yanvarga qadar o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Samarqanddagi qarorgohida o‘tkazadi.
Avvalroq, Samarqand klubida tojikistonlik Hakim Fuzaylov o‘rniga serbiyalik Predrag Rogan bosh murabbiy sifatida ishlashi xabar qilingan edi.