«Hamma shunday qiladi-ku...» — jamoat madaniyatini buzishga odatlanib qoldikmi?
Svetoforda mashinalar tartib bilan turibdi. Ammo bir haydovchi yashil chiroqni kutmay, yo‘l chetidan aylanib, oldingi qatorga chiqib oldi. Uni ko‘rgan boshqa haydovchilar ham shu harakatni takrorladi. Oqibatda bitta odamning «chaqqonligi» tirbandlik va asabbuzarlikka sabab bo‘ldi.
Jamiyatda bunday holatlarni ko‘plab uchratish mumkin. Masalan, shifoxona, bank, davlat idorasi yoki do‘konda odamlar navbat kutib turadi. Ammo kimdir keladi-da, kutishni istamay, oldinga o‘tishga harakat qiladi. Ba’zan tanish-bilishini pesh qiladi. Vaholanki, navbatda turganlarning ham vaqti qadrli. Kimdir ishga shoshiladi, kimdir bolasini bog‘chadan olishi kerak, yana kimdir soatlab shifokor qabul qilishini kutayotgan bo‘lishi mumkin…
Muammo shundaki, ko‘pincha o‘z ishimizni boshqalarnikidan muhimroq deb hisoblaymiz. Eng achinarlisi, bunday holatlarga ko‘nikib qolganmiz. Qoidani buzganni ba’zan «epchil» yoki «uddaburon», qoidaga amal qilganni esa «sodda» deymiz. Aslida esa qoidani buzish yoki o‘ziga qulaylik yaratish uchun boshqalarga noqulaylik tug‘dirish uddaburonlik emas. Chunki bir kishi qoidani buzsa, uni ko‘rgan boshqalarda «demak, shunday qilsa bo‘lar ekan», degan tushuncha paydo bo‘ladi. Keyin «U qilgan bo‘lsa, men ham qilaman», «Men qilmasam, boshqa qiladi», degan qarashlar ko‘payadi va shu tariqa bir kishining xatosi ko‘pchilikning odatiga aylanadi.
Yana bir misol: Chiqindi qutisi bo‘lsa ham chiqindini duch kelgan joyga uloqtiradiganlar oramizda ko‘p. Nahotki boshqa birov tong sahardan uni tozalash bilan ovora ekanligini bilmaymiz. Ob-havoning qandayligi, ish yoki bayram kuni bo‘lishidan qat’iy nazar, halovatidan kechgan tozalik posbonlarining bu mehnati har doim ham qadrlanavermaydi.
Yoki manzilni besh-o‘n metrga qisqartiraman, deb yo‘lning belgilanmagan joyidan o‘tayotganlarni ko‘ramiz. Ayniqsa, bolasini yetaklab, qoidani buzib o‘tayotgan ota-onalar ertaga farzandiga «yo‘ldan faqat piyodalar o‘tish joyidan o‘t» deb aytsa, bu gap qanchalik ta’sir qiladi?
Muammoning ildizi qayerda?
Yo‘lchiroqda navbat kutish, chiqindini belgilangan joyga tashlash, piyodalar yo‘lagidan o‘tish, boshqalarni hurmat qilish oddiy ko‘ringani bilan jamiyat madaniyatining asosiy belgilari sanaladi. Madaniyat katta yig‘inlar yoki balandparvoz gaplardan emas, har kuni takrorlanadigan ana shunday kichik odatlardan shakllanadi. Bizning «Bir marta shunday qilsam nima bo‘pti?», «Hamma ham shunday qiladi-ku», «Men qilmasam, boshqa qiladi», degan qarashlarimiz esa tartibsizlikni odatiy holga keltiradi. Aslida, «hamma shunday qiladi» degan gap ko‘pincha o‘z xatomizni oqlash uchun topilgan bahona, xolos.
Mas’uliyatni kimdan kutyapmiz?
Ko‘pincha qonun-qoidaga jazo va jarimadan qo‘rqib amal qilamiz. Kamera bor joyda qoidani buzmaymiz, nazorat bo‘lmasa esa o‘zimizga qulay yo‘lni tanlaymiz. Axir madaniyat hech kim kuzatmayotganda ham to‘g‘ri ish qilishga undaydigan ichki mas’uliyat emasmi?
Albatta, qonunlar ishlashi, nazorat bo‘lishi va qoidabuzarlikka nisbatan chora ko‘rilishi kerak. Ammo jamiyat madaniyatini faqat jarima bilan shakllantirib bo‘lmaydi. Buning uchun insonning mas’uliyati, oiladagi tarbiya va jamoatchilikning munosabati ham muhim. Kimdir navbatni buzganda indamaymiz. Kimdir chiqindi tashlaganda ko‘rib turib o‘tib ketamiz. Kimdir yo‘l qoidasini buzganda «o‘zining ishi» deymiz. Ammo sukut, befarqlik qoidabuzarlikka berilgan rozilik emasmi?
Vaholanki, ko‘chani toza saqlash faqat obodonlashtirish xodimining vazifasi emas. Yo‘lda xavfsiz harakat qilish faqat haydovchining emas, piyodaning ham mas’uliyati. Keksa insonga hurmat ko‘rsatish uchun esa qonun shart emas.
Jamiyatdagi tartibsizliklarga chek qo‘yishni boshqalar kutish kerak emas, o‘zimiz boshlashimiz zarur. «Men qilmasam, boshqa qiladi» emas, «boshqalar nima qilayotganidan qat’i nazar, men to‘g‘ri ish qilaman» degan qarashni shakllantirishimiz kerak. Zero, jamiyatning ertangi madaniyati bugungi kichik tanlov va oddiy harakatlarimizdan boshlanadi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.