Bizni kuzating

Hayotdan olingan uch saboq

Dilshoda Saidolimova 1952 yilda Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. Samarqand davlat pedagogika institutini tamomlagan. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti hamda Respublika radiosida faoliyat yuritgan. Bir necha she’riy va nasriy kitoblari nashr etilgan.

D.Saidolimovaning quyidagi nasriy miniatyura va she’rlarida inson qalbi, mehr-muhabbat, sog‘inch va hayot haqiqatlari samimiy ifoda etilgan.

GO‘DAK QADAMI
Jingalak sochlari tim qora go‘dak murg‘ak og‘zidagi to‘rtta guruch tishini ko‘rsatib kulyapti. Ana, tetapoya qilib bir-ikki qadam tashladi. Negadir qaltirab ketdi. Balki muruvvati bilan ulug‘lagan zaminga qadami tekkanidandir?
Oh, og‘zi bilan yiqildi bola bechora. Qo‘lidagi o‘yinchog‘i uchib ketdi…
Sigir sog‘ayotgan onasi satilni qo‘yib, o‘qdek otilib uning oldiga keldi:
– O‘tqazib qo‘ygan joyimda o‘tirsang bo‘lmaydimi?
Muhtaram ona! Inson o‘tqazib qo‘ygan joyda o‘ti-
raversa, dunyo bugungi qiyofaga kelarmidi?..

GUL
Ko‘pdan buyon qo‘shni xona derazasining bir chetida suvsizlikdan qaqrab, nimjon bo‘lib o‘sgan tuvakdagi gulni bugun kasbdoshimning stoli ustida ko‘rib qoldim. Uning chang bosgan yaproqlari: yuvilib, gultuvak tagiga toza tarelka qo‘yilibdi.
Shu paytgacha hech kim e’tibor bermay, bir chetda turgan gulning bugun shunchalik e’zoz topganiga hayratlanib tikilib qoldim. Shunda ko‘zim qip-qizil bo‘lib ochila boshlagan g‘unchaga tushdi. Endi menga hammasi ayon edi.
Ha, biz ko‘pincha gullar ochilgandagina unga e’tibor berib qolamiz.

KULOL VA GULOB
Kulol har kuni loy pishitadi. Kundan-kunga qo‘li pishib, o‘z ishini bilguvchi mohir ustaga aylana boradi. U endi har qanday soz tuproqdan chinni piyola yasashga qodir, may ko‘zasi yasashga mohir.
Lekin ko‘ngli sezadi, o‘zi ham bir kuni o‘zga kulol qo‘liga tushadi. U kulol o‘zidan epchilroq, qudratliroq chiqadi. Uni shu lahzada loy pishitib turgan qo‘llarini bir kun kelib gulob idishiga aylantirib qo‘yadi. Go‘yo usta suzib qo‘ygan gulobni shogirdi ichib qo‘yadi.