"Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali: viloyatda to‘rt mingga yaqin iste’molchi eski hisoblagichlardan foydalanmoqda
Viloyat Matbuot uyida "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali direktorining birinchi o‘rinbosari, bosh muhandis Vahob Halimov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat aholisini bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha mavjud gaz quvurlarini mukammal rekonstruksiya qilish borasida rejalar, amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Bugungi kunda viloyatimizda 321 743 ta tabiiy gaz iste’molchilarining qariyb 318 mingtasida avtomatlashtirilgan “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilgan. Biroq 3 900 iste’molchida hanuz eski hisoblagichlar.
Joriy yilda 19,5 kilometr gaz tarmoqlari va 44 dona gaz taqsimlash punktlarining mukammal ta’mirlanib 14 587 ta aholi xonadonlari gaz ta’minoti yaxshilandi. Jumladan, Samarqand shahrida 4 ta mahallada 2,1 kilometr, Kattaqo‘rg‘on tumanida 2 ta mahallada 1,6 kilometr va Narpay tumanida 2 ta mahallada 1 kilometr gaz quvurlari tortildi. Samarqand gaz to‘ldirish stansiyasiga 25 ta gaz quyish kalonkalari o‘rnatilib, oylik tarqatish quvvati 1 500 tonnadan 2 000 tonnaga yetkazildi. Jomboy va Toyloq tumanlarida 2 ta suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish shoxobchalari bilan shartnomalar tuzilgach, qariyb 56 ming nafar iste’molchilarga suyultirilgan gaz mahsuloti tashib kelish masofasi 70 kilometrdan 18 kilometrga tushirildi.
Mavsum arafasida aholi uchun 45 588 tonna suyultirilgan gaz mahsuloti ajratildi. Joriy yilning shu davrigacha qo‘shimcha 8 ming dona maishiy gaz ballonlari tarqatildi.
- Biroq, hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p, - deydi Vahob Halimov. - Jumladan, Samarqand tumani Gulobod qo‘rg‘onidagi 54 ta ko‘p qavatli uylar uchun 3 kilometr masofaga gaz tarmog‘i tortishni reja qilganmiz. Shuningdek, deyarli barcha tumanlarda o‘z vaqtida tugallab ulgurmagan ob’yektlarimizni yil oxirigacha yakuniga yetkazamiz.
Hozirda korxona mutaxassislari tomonidan tabiiy gaz iste’molchilari sodir etgan 725 ta noqonuniy holatlar aniqlandi. Aholining gazdan jami qarzi 301,8 milliard so‘mni tashkil etyapti. Hozirgacha bu qarzdorlikning 6,4 milliard so‘mi undirib olingan, xolos.
Dilmurod TO‘XTAYeV.