Humo to‘lov tizimi Paynet tomonidan 65 mln dollarga sotib olindi

“Milliy banklararo protsessing markazi” AJning 100 foiz davlat aksiyalari  paketini sotish bo‘yicha ochiq savdolar jarayoni yakunlandi. Majburiy takliflarni topshirish bosqichida 6 nomzod ishtirok etishga taklif qilindi.

Kimoshdi savdosida eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan “Paynet” AJ 65 million AQSh dollari miqdorida kimoshdi savdosida g‘olib bo‘ldi.

Jamiyatni xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.

Xaridor jamiyatga tegishli bo‘lgan «Humo» to‘lov tizimi foydalanuvchilarining maxfiy (shaxsiy va bank) ma’lumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgan.

Ma’lumot uchun, "Paynet" AJ O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalar sohasida 18 yildan beri faoliyat yuritadi. Tizim 1500 tadan ortiq tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilar uchun to‘lov imkoniyatini ta’minlaydi.