Indoneziyalik kino ijodkorlar tomonidan Samarqand, Toshkent va Buxoroda “Hijrat orzusi” nomli kino olishadi
Bu masala O‘zbekiston elchixonasida Budi Yulianton boshchiligidagi Indoneziya kino ijodkorlari guruhi bilan uchrashuvda muhokama qilingan. Muloqot davomida indoneziyalik kino ustalari tomonidan "Hijrat orzusi" nomli badiiy filmning ayrim qismlarini O‘zbekiston hududida suratga olish masalalari muhokama qilingan.
Mazkur badiiy film 90 minutga mo‘ljallangan bo‘lib, uning voqealarini Indoneziya poytaxti, mamlakatning manzarali Belitung va Bagor orollarida hamda Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida suratga olish mo‘ljallangan.
Qayd etilishicha film tayyor bo‘lgach, Indoneziyaning barcha yirik shaharlarida va markaziy televideniye kanallari orqali efirga uzatiladi hamda boshqa davlatlar kino bozoriga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
Budi Yulianton mazkur badiiy filmning keng prokatga chiqishi Indoneziya xalqi o‘rtasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishiga va sayyohlar oqimining keskin oshishiga olib kelishini ta’kidladi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida Indoneziya kino ijodkorlari guruhining mamlakatimizga safarini O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari ko‘magida ishlab chiqish to‘g‘risida kelishib olindi.