Jizzax somsasining siri nimada?

O‘zbekistondagi har bir viloyatning o‘ziga xos oshxonasi bor. Qashqadaryo tandiri, Xorazm tuxum baragi, Samarqand no‘xatsho‘ragi bilan mashhur bo‘lsa, Jizzax o‘zining somsasi bilan tanilgan. Kosadek kattalikdagi somsaning har biriga 150 gramm go‘sht, yog‘, piyoz solinadi.  

– O‘n yildan buyon Jizzax somsasini yopaman, - deydi Jizzax tumanidagi "Oltinsoy" oshxonasi somsapazi Eldor Sodiqov. - Ko‘pchilik somsamizning hajmiga va go‘shtining mayin pishganligiga qiziqadi. Go‘shtni bir kun ziravorlar va ma’danli suv bilan tuzlab qo‘yamiz. Xamiriga margarin qo‘shamiz. Somsa 45 daqiqada pishadi, ammo tandirda kun bo‘yi turishi mumkin. Ularning pishishida olovning past-balandligi muhim ahamiyatga ega. Qizig‘i, Jizzax somsasini boshqa viloyatlarda pishirib ko‘rganimda bunday chiqmaganiga guvoh bo‘lganman.