Kambag‘allikni qisqartirish tadbirlari samara beryaptimi?

Kanalimizda “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar natijasida qishloqlarda odamlarning turmushi avvalgidan ko‘ra yaxshilanyaptimi?” savoli ostida so‘rovnoma o‘tkazilgan edi.

So‘rovnoma natijalari mas’ullarni ham bee’tibor qoldirmaydi, degan umiddamiz. Boisi, undagi respondentlarning 57 foizi kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarning samarasi sezilmayotganligini bildirgan. 16 foizi esa jarayonda odamlarning turmushi unchalik yaxshilanmayotganligini ta’kidlagan.

Ishtirokchilarning faqat 23 foizi ayni yo‘nalishda qilinayotgan ishlarga ijobiy baho berib, natija bo‘layotganligini ta’kidlagan.

So‘rovnoma ostida qoldirilgan izohlar ham shunga mos. Kimdir natija bo‘lishiga umid bog‘lasa, boshqalar jarayon nazorat kuchli bo‘lishi kerakligi, bu ishga yo‘naltirilgan mablag‘lar joyiga yetib borishi kerakligini aytgan. Bunda eng ko‘p fikr kambag‘al oilalarga kredit ajratilishi bo‘yicha bo‘lgan.

Xususan, “M.X” nomi ostidagi kuzatuvchi o‘z izohida “Hech narsa bo‘lgani yo‘k. Aholi kreditga o‘tib, qashshoqlashib bormoqda”, deydi. “Botir Qayumov” nomi ostidagi kuzatuvchi ajratilayotgan kredit foizlari balandligini bildirgan bo‘lsa, “Dilshod” bu kredit foizlari pasaytirilsa, natija bo‘lishini aytgan. Yana bir respondent energiya manbalarisiz (gaz, elektr, suv) nafaqat qishloqlarda, balki shaharlarda ham hech qanaqa ish, tadbirkorlik qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.