Karantinda ham agrar sohada to‘xtalish bo‘lmaydi

Yurtimizning barcha hududlarida koronavirus pandemiyasi tufayli karantin tadbirlari o‘tkazilmoqda. Lekin fermer, dehqonlarimiz el xirmonini yaratish, aholi dasturxonini to‘ldirish maqsadida qishloq xo‘jalik yumushlarini to‘xtatishgani yo‘q.

2020 yil hosili uchun viloyatimizda 5600 dan ortiq fermer xo‘jaligi 101 ming 230 gektar maydonda g‘alla parvarishlamoqda. Hozirgacha g‘alla maydonlarida ikkinchi oziqlantirish ishlari yakunlandi. 184 ming tonnadan ortiq mahalliy o‘g‘it jamg‘arilib, 97 ming 500 gektardan ziyod maydon sharbat usulida sug‘orildi. Bugungi kunda qariyb 86,5 ming gektarda zang kasalligiga qarshi dorilash ishlari olib borilmoqda.

To‘g‘ri, yurtimizda karantin amal qilmoqda. Biroq qishloq xo‘jalik yumushlarini ham kechiktirib bo‘lmaydi. Axir dehqonlarimiz ta’biri bilan aytganda bahorning bir kuni kuzning o‘n kuniga tatiydi. Shu bois dehqonlarimiz bahorning har bir ochiq kunidan unumli foydalanishga harakat qilishmoqda.

Joriy yilda viloyatimiz paxtakorlari 75 ming 580 gektar maydonga chigit ekishni rejalashtirishgan. Buning uchun fermer xo‘jaliklarimiz yer tekislash, ekishga tayyorlash ishlari bilan birgalikda pushtaga nam suvi berish ishlarini ham olib borishmoqda. Hozirgacha qariyb 24,5 ming gektarning 12 ming gektarida pushtaga nam suvi berildi. Qolaversa, dehqonlarimiz bu yil 5435 gektar g‘o‘za maydoni, 755 gektar bog‘ va 622 gektar tokzorni tomchilatib sug‘orishni rejalashtirishgan. Buning uchun viloyatimizda barcha imkoniyat va kerakli hozirliklar ko‘rildi.

Otabek XOLMATOV,

viloyat  fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bosh mutaxassisi.