Kattaqo‘rg‘onda o‘quv mashqlari boshlandi
Kattaqo‘rg‘on shahar va Kattaqo‘rg‘on tumanida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tmoqda.
Uch kun davom etadigan o‘quv mashqlari rejasiga ko‘ra bugun erta tongdan shartli ravishda sodir bo‘lgan kuchli yer silkinishi oqibatida Kattaqo‘rg‘on shahri va Kattaqo‘rg‘on tumani aholisiga yig‘in signali berildi.
Shunga ko‘ra, barcha korxona va tashkilot rahbarlari favqulodda vaziyat to‘g‘risida ogohlantirildi va mas’ullar Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligida yig‘ildi.
Unda shartli zilzila oqibatida tuman hududida sodir bo‘lgan vaziyatni baholash, takliflar kiritish bo‘yicha komissiya raislari, shahar va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbarlarining holat bo‘yicha xulosalari tinglandi hamda barcha mas’ul javobgar shaxslar tuman hokimi - Fuqaro muhofazasi boshlig‘i tomonidan vazifador etildi.
Zilzila natijasida ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va aholiga tezkor yordam ko‘rsatish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani Yoshlik o‘yingohida 70 dan ortiq texnika va barcha kuch vositalari jamlanib, ko‘rikdan o‘tkazildi.
O‘quv mashqlari davom etmoqda.
Asqar Barotov.