“Kim bilan o‘ynaysan, men bilanmi yoki u bilan?”
Bugun kechki taom tayyorlamoqchi bo‘lib, ishimni ertaroq tugatdim. Bor mehrimni berib, ovqatga unnadim. Sport mashg‘ulotidan qaytgan o‘g‘lim salom berishni ham unutib, meni savolga tutdi:
- Slaviklarda urush bo‘lyaptimi, ayajon? Urush boshlandimi? Ustozim aytdiki, endi ular yana O‘zbekistonga qaytib kelisharkan.
O‘tgan yili bir sinfdoshi oilasi bilan Ukrainaga ko‘chib ketgandi, o‘g‘lim yana davom etdi. – Rossiya men bilan o‘ynaysan, debdi Ukrainaga. Ukraina rozi bo‘lmagan ekan, keyin urush boshlanibdi. Sobitxon o‘rtog‘im, shunday dedi.
O‘g‘limning savoliga nima deb javob berishni bilmay qoldim.
Rossiya o‘zgardimi?
Rus xalqi mard, tanti, uyidagi mushugiyu itini ham xafa qilmaydigan millat sifatida tanilgan. Tabiiy resurslariga boy, katta maydonni egallagan Rossiya mintaqada o‘z so‘ziga ega mamlakat edi. Bugun bu ta’riflar unga umuman yarashmay qoldi.
Yo‘lboshchisi “yo‘ldan ozdi”... Avval Qrimni “olib qo‘yishdi”. Keyin Donetsk va Lugansk mustaqil respublikalar sifatida Rossiya tomonidan tan olindi (“Bo‘lib tashla va hukmronlik qil” degan mashhur jumlalar yodga tushdi) va shu voqealar fonida “quloqsiz” Ukrainaga bosqin uyushtirildi.
Tinchlikni saqlash, nima bo‘lganda ham urush qilmaslik maqsadida imzolangan, tasdiqlangan va kelishilgan o‘nlab xalqaro protokollar, hujjatlarning qadri bir pul bo‘ldi.
XXI asrda bunday bosqin bo‘lishi hech kimning xayoliga kelmagan, hech kim ishonmagan va kutmagan edi. Tomiri bitta bo‘lgan millat (ukrainlar ham, ruslar ham slavyan) urishmoqda.
Putinning maqsadi NATOning Sharqqa kengayishiga qarshilik qilishmidi? Yoki sobiq sovet respublikalari chegaralarini o‘z nazoratiga olishni istadimi?
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda butun dunyo Putinning bu bosqinini qoralayapti. Rossiyaga nisbatan ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar joriy etilmoqda. Rossiya rubli qadrsizlanib, rus milliarderlari boyliklaridan ayrilmoqda. Rossiya dunyo nazaridan qolyapti...
Rossiyadagi olimlar, shifokorlar, jurnalistlar, arxitektorlar Putindan urushni, qonxo‘rlikni to‘xtatishni talab etmoqda. Putin esa to‘xtay demaydi. U o‘z murojaatida bu urushda kim unga xalal bersa, boshiga misli ko‘rilmagan falokatni yog‘dirishni aytib, tahdid qildi. Bu ham yetmagandek, endi yadroviy qurollarni ishga solarmish! U aqldan ozdimi yo alam ustida Ukrainani 24 soat ichida qo‘lga ololmagach, so‘nggi chora sifatida “o‘lim” qurolidan foydalanmoqchimi?
Kimdir uni “porox omborida gugurt o‘ynayotgan bolakay”, degandi. Salkam 70 yashar bolakay! U dunyo tarixida Gitlerdan ham yovuz kimsa, siyosatchi sifatida qoladimi?
Ammo bugun Ukraina yetakchisi - aktyor, KVNchi va “g‘arbning qo‘g‘irchog‘i” sifatida nazar-pisand qilinmagan Vladimir Zelenskiy qahramonga aylandi. Bosqin paytida har doim yetakchilar poytaxtni tark etib, tinchroq joyda boshqaruvni olib borishgan. Yoki millat boyliklarini to‘plab, chet mamlakatga qochib qolishgan.
Zelenskiy haqiqiy vatanparvarlik namunasini ko‘rsatdi. Hamkasbimning aytishicha, feysbukda Zelenskiy bilan deyarli 8 yildan beri “druzya” ekan. Ayni kunlarda uning sahifasiga butun dunyodan, turli tillarda minglab xayrixoh postlar, komentariylar kelmoqda ekan.
Ukrain xalqining matonati, mardligi va jipsligi esa bizga o‘rnak bo‘lishi kerak. Boylari ham, oligarxlari ham mamlakatni tashlab, qochib ketishmayapti.
Rossiyadek qudratli mamlakat Ukrainadek kichik davlatni bir deganda, bo‘ysundira olmadi. Demak, harbiy salohiyatga ko‘p ham ishonavermaslik kerak.
Dastlab, va’da qilingandek, Ukrainaga NATO, BMT va boshqa tuzilmalardan hech qanday ko‘mak berilmadi. G‘arbdagi boshqa yetakchi davlatlar urushni to‘xtata olmadi. Lekin bugun bir narsa aniq – bu urushda g‘oliblar va mag‘lublar bo‘lmaydi.
O‘g‘limning o‘rtog‘i aytganidek, “o‘yinlar o‘ynalaveradi”, oddiy xalq aziyat chekadi.
Gulchehra Berdiyorovaning Fasebookdagi sahifasidan olindi.