Komissiya a’zolari o‘qitildi

Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi”ga muvofiq, shu kunlarda joylarda uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Past Darg‘om tumanida tuzilgan 90 ta uchastka saylov komissiyasi a’zolari uchun ham shunday o‘quvlar tashkil etilgan.
- Respublikamizning barcha hududlarida joriy yilning 29-30 may kunlari hududiy trenerlar uchun seminar-treninglar tashkil etilgan edi, - deydi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi a’zosi Latif Rustamov. - Endilikda mazkur trenerlar tomonidan uchastka saylov komissiyasi raisi, o‘rinbosari va kotiblari tayyorlanyapti. O‘quv kurslarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida yuqori malakali ekspertlar tomonidan o‘quv rejalariga muvofiq, ma’ruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-darslar ko‘rinishidagi o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlangan bo‘lib, mashg‘ulotlar mazmuni ushbu o‘quv-uslubiy materiallarga asoslangan.
Mashg‘ulotlar davomida malakali ekspertlar tomonidan tayyorlangan “Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-amaliy qo‘llanma” asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari va ularning vakolatlari, saylovchilar ro‘yxatlari bilan ishlash kabi masalalar tushuntirildi.