Kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan AT “Aloqabank” Samarqand hududiy filiali murojaatiga asosan mazkur moliyaviy muassasada tergovga qadar tekshiruv tadbiri o‘tkazilgan.

Unda ushbu bank filialining Ishtixon kompleks xizmatlar ko‘rsatish markazi sobiq rahbari A.S. “M.A.” va “H.T.” xususiy korxonalari mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, “M.A.” xususiy korxonasiga 2 ta “ISUZI” rusumli yuk avtotransport vositasini sotib olish uchun ajratilgan 900 million so‘m kreditni naqdlashtirib olganligi aniqlangan.

Shuningdek, ular 9 nafar fuqaroning xabardorligisiz ularning nomiga 262,2 million so‘m mikroqarz ajratib, o‘zlashtirganligi hamda “A.F.” xususiy korxonasiga ajratilgan kreditning 150 million so‘mini “S.I.” MChJ orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.