Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yilligi oldidan: Ulug‘ alloma shajarasi
«Zarafshon»ning shu yil 27 fevral 26-sonida Mahmudxo‘ja Behbudiy ijtimoiy faoliyati xususida so‘z yuritib ulug‘ ma’rifatchining uch o‘g‘il, bir qizi, nabiralari bo‘lganligini aytgan edik. Ushbu maqolada siz, azizlarni ma’rifat fidoyisining shajarasi bilan tanishtiramiz.
To‘ng‘ich o‘g‘lining ismi Ma’sudxon bo‘lib 1897 yilda tug‘ilgan. U kishi bir vaqtning o‘zida ham eski maktabda, ham gimnaziyada ta’lim olgan. Keyinchalik nashriyot va ro‘znomalarda tarjimon bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. 1933 yildan boshlangan qatag‘on tufayli Mahmudxo‘ja Behbudiy «xalq dushmani» deb atalganidan keyin Ma’sudxon ta’qibga uchrab Tojikistonga ketishga majbur bo‘ladi va u yerda yashirincha yashab ijod bilan shug‘ullanadi. 1937 yillarda o‘rta maktablar uchun adabiyot sohasida ikkita darslik va ikki darslik xrestomatiyasini nashr ettiradi.
Ikkinchi o‘g‘li Maqsudxon 1911 yilda tug‘ilgan, «usuli jadid» maktabida savod chiqargan. Keyin Bokudagi ikki yillik muallimlar tayyorlash kursida tahsil olgan. Biroq 1932 yilda 21 yoshida vafot etgan.
Qizi Parvinaxon (Surayyoxon ham deyishgan) 1902 yilda tug‘ilgan. 10 yoshgacha Abduqodir Shakuriyning «usuli jadid» maktabida dastlabki ilmni egallagan. Keyinchalik u kishi asosan uyda o‘tirib muallimlardan rus hamda fransuz tillaridan saboq olgan. Parvinaxonning menga so‘zlab berishicha, ikki qizi bo‘lib ular yoshlik chog‘idayoq vafot etgan. O‘zi esa, xalq dushmanining qizi tamg‘asi ostida bir qancha qiyinchiliklarni boshidan kechirib yashagan. 1987 yilda vafot etgan.
Bobomizning uchinchi o‘g‘li Matlubxon 1914 yilda tug‘ilgan, 1942 yilda Ikkinchi jahon urushiga tortilgan va bedarak ketgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning to‘ng‘ich farzandi Mas’udxonning Shavkatxon, Midhatxon, Nodimxon, Nazirxon ismli o‘g‘illari bo‘lgan. Shavkatxon 1921 yilda tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli bu kishi Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan. 1990 yilda olamdan o‘tgan. U kishining to‘rt nafar farzandi bo‘lib ularning ismlari Shoxruxxon, Farruxxon, Zarruxxon va Gulruxxon (ikkinchi ismi Husniyaxon)dir.
Ikkinchi o‘g‘li Midhatxon 1924 yilda tug‘ilgan. Ko‘p yillar O‘zbekiston radiosida muharrir, tarjimon, jurnalist va suxandon bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Tojikiston Fanlar akademiyasida ilmiy xodim, tojik ensiklopediya tahririyatida bo‘lim boshlig‘i vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan. To‘rt nafar farzandning otasi 1999 yilda vafot etgan.
Nodimxon 1929 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 1949 yilda Toshkentdagi sharqshunoslik institutini bitirgach, yo‘llanma bilan Tojikistonga ishga yuboriladi. Keyinchalik Moskvada doktoranturani o‘tagach, Samarqandga kelib universitetning sharq tillari kafedrasi mudiri sifatida ishlaydi va 1995 yilda vafot etadi.
Nazirxon 1940 yilda tug‘ilgan. Bugungi kunda mehnat faxriyi sifatida to‘rt farzandi, ko‘plab nabiralari ardog‘ida yashab kelmoqda.
Shunisi e’tiborliki, Mahmudxo‘ja Behbudiy avlodlarining barchasi oliy ma’lumotga ega bo‘lib, bobolari kabi el qalbiga ma’rifat, ziyo chiroqlarini yoqib kelishgan va kelishmoqda.
Biz, olimlarni xursand qiladigan jihat shu bo‘ldiki, muhtaram Prezidentimiz parlamentga Murojaatnomasida jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganish zarurligi haqida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasini keng nishonlashga alohida e’tibor qaratdi. Bu tadbir albatta yoshlarimizning Vatanga muhabbat, qadriyatlarga hurmat ruhida kamol topishida muhim omil bo‘ladi.
Shundan kelib chiqqan holda yubiley bahonasida buyuk bobokalonimizning uy-muzeyi hamda uning bosmaxonasini tiklab, «Ma’rifatparvarlar uyi»ga asos solinsa buning tarbiyaviy ahamiyati va mohiyati yanada oshar edi, deb o‘ylayman.
Ra’no TO‘RAXO‘JAYeVA,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent.