Mahorat markazini yana 12 kishi bitirdi

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati qoshidagi “Jurnalistik mahorat markazi”ning bu galgi tinglovchilari orasida televideniye, gazeta va internet nashrlar hamda davlat organlari axborot xizmatlari xodimlari, oliy o‘quv yurtlari talabalari bor. Ularning maqsadi bitta – bugungi axborot asrida axborot tarqatishni sifatli, xolis amalga oshirish sirlarini o‘rganish, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llash.

Bu tinglovchilar 2018 yilning dekabr oyidan boshlab, joriy yil may oyi yakuniga qadar maxsus o‘quv reja asosida jurnalistika sirlaridan voqif bo‘ldi. Ularga nafaqat tahririyat xodimlari, faxriy jurnalistlar, blogerlar, yurtimizdagi yetakchi internet nashrlari muxbirlari, televideniye va gazeta muharrirlari saboq berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston jahon tillari universiteti jurnalistika fakulteti dotsenti Nargis Qosimova, “Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish” markazi rahbari Saida Sulaymonova tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar ham tinglovchilarning soha bo‘yicha bilim va ko‘nikmasi oshishiga yordam berdi.

O‘quv davomida Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi, “Sherdor plyus poligraf” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosmaxonasiga sayohat tashkil etildi. Mazkur sayohatlar davomida tinglovchilar mazkur tashkilotlar faoliyati, u yerdagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Gazetani maketlashtirish va zamonaviy dizayn asosida sahifalarni tayyorlash ko‘nikmasini tahririyatning o‘zida o‘zlashtirishdi.

Markaz tinglovchilarga sertifikatlarni tantanali topshirish marosimida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev, Oliy Majlisi Senati a’zosi N.Rabbimova, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I.To‘xtasinov so‘zga chiqib, yoshlarga jurnalistika sohasidagi mahorat saboqlari hayoti va faoliyatida asqotishini aytib o‘tdilar.

-  Ushbu markaz 2006 yilda o‘z faoliyatini boshlagan edi, - deydi loyiha rahbari F.Toshev. – Bugungi kunga qadar 300 nafarga yaqin tinglovchilar mahorat markazimizni tugatdi. Ular orasida matbuot, internet saytlari, tele va radio kanallarda faoliyat yuritib, muvaffaqiyatga erishganlari ko‘p. Muhimi, ular qaysi sohada ishlamasin, tahririyat, ommaviy axborot vositalari bilan uzviy aloqada bo‘lib, xabar, maqolalar berib bormoqda.

- Mahorat markazida jurnalistik saboqlar bilan bir qatorda axborot xizmatlari tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlardan ham xabardor bo‘ldim, - markaz tinglovchisi Shirin Normatova. – Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatidagi faoliyatim davomida bu yerda o‘rganganlarim juda qo‘l keldi. Soha bo‘yicha ko‘p bilimlarni o‘zlashtirdik.

Husan Eltoyev.