Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktabda issiqlik ta’minotidagi muammo bartaraf etildi

26 fevral kuni zarnews.uz telegram kanalida “Fayziobod mahallasidagi maktabning fayzi qayerda?” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Unda Toyloq tumanidagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar qishki kiyimda dars o‘tayotganligi, sport zalning sovuqligi sababli o‘quvchilar qalin kiyimlarda jismoniy tarbiya darsiga qatnashayotganligi haqida so‘z yuritilgan.

Maqolada ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha olib borilgan o‘rganish davomida haqiqatan ham 2021 yilning 26 fevral kuni maktabda issiqlik darajasi me’yordan past bo‘lganligi aniqlandi.

Maktabda jami 3 ta qozonlar mavjud bo‘lib, o‘sha kuni issiqlik tizimi ishchi holatda bo‘lgan. Biroq elektr ta’minotida uzilish bo‘lganligi sababli qozonlarga o‘rnatilgan suv haydash nasosi va havo purkagich varraklari ishlamagan.

26 fevral kuni maktab joylashgan mahalladagi transformator qurilmasi ta’mirlash uchun olib ketilganligi aniqlandi. Buning natijasida maktabda issiqlik darajasini me’yorda saqlash imkoniyati bo‘lmagan.

Ayni damda transformator o‘rnatilib, maktabning issiqlik tizimi me’yorda ishlamoqda.

Maktabning sport zalida hozirda 13 turdagi sport jihozlari mavjud. Joriy yilda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tumandagi barcha umumta’lim maktablariga 7 turdagi sport jihozlari berilishi rejalashtirilgan.

Toyloq tumani hokimligi axborot xizmati.