Maktablarda III chorakdagi darslar tig‘izlashtirilgan holda o‘tiladi

Pandemiya davrida o‘quvchilarning sog‘lig‘ini himoyalash, ijtimoiy masofani saqlash va ortiqcha muloqot qilishlarining oldini olish maqsadida joriy o‘quv yilining I va II choraklarida jismoniy tarbiya, musiqa madaniyati, texnologiya, tasviriy san’at, chizmachilik, ChQTB hamda tarbiya fanlarini vaqtinchalik o‘tmaslik tavsiya qilingan edi.

Xalq ta’limi vazirligi epidemiologik vaziyat barqarorlashganligi, bugungi kunga kelib deyarli barcha maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 90 foiz o‘quvchilar an’anaviy shaklda ta’lim olayotganligini hamda ko‘pchilik ota-onalar va pedagoglarning takliflarini inobatga olib, maktablarda ushbu fanlar III chorakdan yana davom etishini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘quv yilining birinchi yarim yilligidagi mavzular vazirlikning tavsiyalariga muvofiq, tig‘izlashtirilgan holda (mavzularni qo‘shgan holda) o‘tiladi.