Maktablardagi kechki tadbirlarga pedagog xodimlar va o‘quvchilarni majburiy jalb etish taqiqlanadi

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qilishicha, keyingi kunlarda ayrim hududlarda o‘qituvchilarni maktab muassasalarida dars jarayonidan tashqari kechki vaqtlarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etilayotgani haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Ta’kidlanishicha, maktablarda o‘qish jarayonidan tashqari vaqtlarda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar uyushmagan va ta’lim bilan band bo‘lmagan (18-30 yosh) yoshlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ularni tashkil etishga Yoshlar ishlari agentligi, xususan, mahallalardagi yoshlar yetakchilari mas’ul etib belgilangan.

Bunda Xalq ta’limi vazirligiga maktab infratuzilmasidan (kutubxona, sport zal, kompyuter xonalari, tadbirlar zali) oqilona foydalanish hamda maktablarni mahalla uchun “ma’naviyat maskani”ga aylanishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Xalq ta’limi vazirligi barcha hududiy boshqarmalarga ushbu tadbirlarga maktab ma’muriyati, pedagog xodimlar va maktab o‘quvchilarini majburan jalb etilishi qat’iyan taqiqlanganini ma’lum qiladi.

Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Qaroriga asosan, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini yana bir bor eslatib o‘tadi.

Mazkur qarorga ko‘ra, yuqoridagi talablarni buzgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tegishli javobgarlikka tortilishi belgilangan.