Matbuot - jamiyat ko‘zgusi, ma’rifat targ‘ibotchisi
Inson tashqi ko‘rinishidagi qusurlarni oynaga qarab to‘g‘rilagani kabi jamiyat ham o‘zidagi muammo va kamchiliklarni ommaviy axborot vositalarida ko‘rib, ularni bartaraf etib boradi. Shu ma’noda, matbuot jamiyat ko‘zgusi, adolat va haqiqat jarchisi, ma’rifat targ‘ibotchisidir.
E’tirozlisi, bugun matbuotning «lokomotiv»i sanalgan jurnalistga o‘z mahorat va salohiyatini, jasoratini namoyon etishi uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Har bir OAV vakilining yangilik tarqatish, erkin so‘z aytish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Qolaversa, istagan kishi gazeta, jurnal, telestudiya, radiokanal, sayt ochishi mumkin. Davlat nafaqat o‘z muassisligidagi, balki nodavlat OAVni ham qo‘llab-quvvatlamoqda.
Zero, so‘z erkinligi faqat OAVgagina emas, avvalo, davlat uchun zarur va foydalidir. Chunki ochiqlik, oshkoralik bor joyda korrupsiya, tamagirlik, jinoyatchilik, qonunbuzilish holatlariga qarshi kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkoniyati yuzaga keladi.
Shu ma’noda, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga doir ko‘plab hujjatlari qabul qilindi. Bundan tashqari, Prezidentimiz deyarli hamma uchrashuv va yig‘ilishlarda ommaviy axborot vositalariga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Masalan, Prezident o‘tgan yilning ayni shu kunlarida jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvi vaqtida respublikamizdagi barcha OAV vakillarini kasb bayrami bilan qutlab: “6,5 yil ichida eng katta erishganimiz – ochiqligimiz. Qo‘rquvimiz yo‘q bo‘lgani. Ijro organi rahbari biron qaror qabul qilishdan oldin ilgari hech narsa o‘qimasdi, hozir kamida 10 marta o‘qiydi. Blogerlar nima deydi, OAV menga qanday baho beradi, degan savollarni o‘ziga beryapti”, deya ta’kidladi.
Darhaqiqat, bugun ko‘plab rahbarlar jurnalistlar chiqishlari, fuqarolar murojaati bilan hisoblashmoqda. Bu jarayonning muntazam va izchil monitoringi ham shakllanyapti. Rahbarlar faoliyatiga jamoatchilik bilan qanchalik muloqot o‘rnatgani, matbuot sahifalari, ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan maqolalar, tanqidiy fikrlarga nechog‘li munosabat bildirayotganiga qarab baho berilmoqda. Faoliyati tanqid ostiga olingan har qanday mansabdorga tegishli choralar ko‘rilayotganini esa hayotda barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.
Endi ayrim raqamlarga e’tibor qaratsak.
Bugun viloyatimizda 36 ta gazeta-jurnal chop etilmoqda. Ularning uchtasi viloyat nashri, 16 tasi shahar va tumanlar gazetalaridir. Shuningdek, xususiy nashrlar, tarmoq gazetalari, ilmiy, adabiy-badiiy jurnallar bor. Gazetalarning aksariyati A-2 hajmda, o‘rtacha 2-2,5 ming nusxada chop etilyapti. Bu nashrlarning davriyligi ko‘paydi, barcha gazeta va jurnallarning veb-saytlari joriy etildi.
Ammo tan olish kerak, tahririyatlarda jurnalist kadrlarga ehtiyoj bor. Tabiiyki, bu yetishmovchiliklar OAVning mazmun-mundarijasi, sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Dastlab 16 yil davomida viloyat «Zarafshon» gazetasi tahririyati qoshida, 2 yildan buyon Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi qoshida faoliyat yuritib kelayotgan «Mahorat maktabi» bu kabi kamchiliklarning o‘rnini qisman to‘ldirmoqda. Keyingi ikki yilda bu yerda 30 nafardan ziyod tinglovchi jurnalistika sirlarini o‘rgandi.
Viloyatimizda ikkita yirik bosmaxona ishlab turibdi. Mahalliy gazetalarning barchasi, shuningdek, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarining 30 ga yaqin gazetalari ana shu bosmaxonalar - “Noshir lyuks” va “Sherdor plyus poligraf” da chop etilmoqda.
Shuningdek, bitta televideniye, bitta radio faoliyat ko‘rsatyapti. Viloyat teleradiokompaniyasining bir kunlik efir hajmi 18 soatni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, 81 ta axborot xizmati, jumladan, 16 ta tuman va shahar hokimliklarida, 65 ta tashkilotda matbuot kotibi faoliyat yuritmoqda.
Faxriy jurnalistlar tajribasini yoshlarga o‘rgatish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘limimizning doimiy e’tibor markazida. Xususan, yil boshidan buyon faxriy jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, jurnalistika sohasida orttirgan tajribalarini keng yoyish maqsadida ular bilan birgalikda qator tadbirlar uyushtirdik. Masalan, Samarqand shahrida Toshpo‘lat Rahmatullayevning 75 yillik yubileyi munosabati bilan keng jamoatchilik ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshevning 70 yoshi munosabati bilan tantanali tadbir, adabiiy-badiiy uchrashuv o‘tkazildi. Shuningdek, faxriy telejurnalistlar Abdurahmon Boshmonov, Xoliq Hakimovlarning 75, To‘raqul Rustamov, Botir Muhammadiyev, Turg‘un Hasanovlarning 70, Jamshid Obidov, Furqat Turniyozovlarning 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan ma’naviy-madaniy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov bilan birga shaharning Kimyogarlar qo‘rg‘onida yashovchi 75 bahorni qarshilagan, «Shuhrat» medali sohibi Mahbuba Sharopova xonadonida bo‘lib, ijodkor bilan dildan suhbatlashdik. Shuningdek, matbuot sohasida samarali mehnat qilgan yana uch nafar faxriy jurnalistga 65 yoshga to‘lgani uchun hamda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan sohada ko‘p yillik tajribaga ega uch nafar ustoz ijodkorga uyushma viloyat bo‘limining tashakkurnomasi va sovg‘asi topshirildi.
Bugun zamon shiddatkor. Axborot sohasi vakili bugungi kunda siyosatchi, iqtisodchi, tahlilchi bo‘lishi kerak. Joylardagi haqiqiy holat tahlili, qaysi sohada muammo borligi, fuqarolar nimadan noroziligi va uni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ommaviy axborot vositalarida jurnalistlarimiz tomonidan muttasil ravishda berib borilyapti. Zero, jurnalist jamiyatdagi muammolarni, xalqning dardini ommaning e’tiboriga olib chiqadi. Jurnalist ko‘targan masala hal qilinishi shart, unga bepisand qaralsa, oqibati yaxshilikka olib kelmasligi aniq.
Shu ma’noda mamlakatimiz markaziy nashrlarining maxsus muxbirlari, tarmoq va xususiy nashrlar, internet saytlari muxbirlari ham uyushmamiz bilan yaqin hamkorlikda ish yuritayotgani quvonarli. Ular viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, bunyodkorlik va turli sohalardagi o‘zgarish va yangiliklarni keng yoritmoqda.
Viloyatimizning barcha jurnalistlari, tahririyatlar xodimlarini kasb bayrami bilan qutlab, ularga sog‘liq va omonlik tilaymiz!
Akram HAYDAROV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi.