Metan «zapravka»lar ish vaqti bo‘yicha cheklov joriy etiladi
Energetika vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonda 17 noyabrdan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarining xizmat ko‘rsatish grafigiga vaqtinchalik, kunning ma’lum, ya’ni kechki va tungi vaqtlari oralig‘ida cheklovlar joriy qilinadi.
Ma’lum bo‘lishicha, grafiklar mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangani tufayli joylarda AGTKS ish vaqti farqlanishi mumkin.
Energetika vazirligi rasmiy vakilining aytishicha, cheklovdan maqsad birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berilishi muhim hisoblangan aholi, shifoxona, maktab hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti kabi ahamiyatga ega muassasalar, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yirik stansiyalarning tabiiy gaz ta’minotida barqarorligini ta’minlashdan iborat.
“Hurmatli iste’molchilar, vaqtinchalik cheklov choralari havo harorati biroz ko‘tarilgunga qadar davom etadi hamda AGTKSh tez orada avvalgi tartibda ishlash rejimiga o‘tishini ma’lum qilamiz” deyiladi murojaatda.