«Zapravka»lardagi cheklov: U kimga qancha naf beradi?
Qishning so‘nggi oyi o‘tib borarkan bir necha yildan beri mavsumda ko‘pchilikni bezovta qilayotgan muammoga yana bir bor e’tibor qaratishga qaror qildik. Toki, hech bo‘lmasaB kelgusi mavsumda biror bir cheklov borasida qaror chiqarilarkan, tegishli idoralar masalaning barcha tomonlarini o‘ylab ko‘rishsin.
Harorat keskin pasaygan kunlarda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (metan «zapravka»lar) cheklovlar sabab ishlamay qolishi hammaga ma’lum. Energetika vazirligi OAVda bu “aholini ko‘proq tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida” qo‘llanganini ma’lum qilib keladi. Biroq bu cheklovlar amalga oshirilarkan, shahar va qishloqlardagi muhim xizmatlar — yo‘lovchi tashish, chiqindilarni olib ketish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning transportlari qanday ishlaydi degan savol tug‘iladi.
Yaqinda ana shunday cheklov o‘rnatilgan kunlarda “Toza hudud” DUK tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan qator hududlarda chiqindilarning o‘z vaqtida olib ketilmayotganiga guvoh bo‘ldik. Haydovchilardan biri bilan suhbatda shu kunlarda zo‘rg‘a «zapravka» qilayotganini aytgandi.
Avvalroq viloyat Kengashi sessiyasida deputat Shohrux Jo‘raqulov viloyat hokimi o‘rinbosariga shu muammo bo‘yicha savol berib, “Maroqand obod” korxonasi tomonidan aynan gaz quyish shoxobchalaridagi cheklovlar sabab shaharda chiqindilar vaqtida olib ketilmayotganini aytgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda barcha tuman, shahar hokimliklari ko‘rsatmasiga binoan chiqindi tashish korxonalari gaz quyish shoxobchalari bilan shartnoma imzolagan.
Biroq muammo shundaki, ikki tomonlama shartnoma bormi-yo‘qmi baribir — cheklov kiritilgan vaqtda hech kim shoxobchadan gaz ololmaydi, gazning o‘zi bo‘lmaydi.
Viloyat “Toza hudud” DUK axborot xizmati bilan bog‘landik. Ma’lum bo‘lishicha, haqiqatan ham chiqindi tashish korxonalari ATTISlar bilan shartnoma imzolagan. Shartnomaga ko‘ra, bu korxonalarga tegishli transport vositalariga navbatsiz gaz quyib berish ko‘zda tutilgan. Ammo yuqorida aytilganidek, cheklov amal qilayotgan vaqtda buning imkoni yo‘q.
Avvalroq yo‘lovchi tashish korxonalarida ham shunga o‘xshash holat kuzatilayotgani haqida shikoyatlar tushgandi. Aniqlik kiritish uchun viloyat transport boshqarmasi bilan bog‘landik. Ta’kidlanishicha, bugungi kunda Samarqand shahrining ikkita hududida jamoat transporti uchun gaz quyish shoxobchasi ishlab turibdi. Ularda jamoat transporti istagan vaqtda gaz olishi mumkin ekan. Ammo mutasaddiga ko‘ra, bu shoxobchalarda ham qishning sovuq kunlarida muntazam navbatlar yuzaga kelmoqda. Chunki birinchidan, viloyatda metanda harakatlanayotgan jamoat transportining o‘zi 300 ga yaqin, shuningdek, chiqindi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Maroqand obod” DUK mashinalari ham shu shoxobchalardan foydalanadi.
Eslatib o‘tish joiz, gaz quyish shoxobchalariga cheklovlar aynan vazirlik tomonidan kiritilgan. Biroq masalaning mana shu qismi, maxsus texnikalarni yoqilg‘i bilan muntazam ta’minlash borasida vazirlik bayonotlarida biror marta to‘xtalinmadi. Qisqasi, cheklov kiritilayotganda aftidan, masala puxta o‘ylanmagan. Oqibatda bugun sovuq kunlarda ko‘chalarda to‘plangan chiqindi yuzasidan aholi tegishli idoralarga, tegishli idoralar va jamoatchilik mahalliy hokimliklarga savol bilan yuzlanmoqda. Metan «zapravka»larga esa aynan Energetika vazirligi tizimi orqali yoqilg‘i beriladi yoki to‘xtatiladi. Gaz quyish shoxobchalari va chiqindi tashish korxonalari o‘rtasida istagancha shartnoma tuzilmasin, gaz bo‘lmasa, cheklov vaqtida buning foydasi bo‘lmaydi. Demak, cheklovlar ommatan e’lon qilib yubormasdan, mana bu tomonlarini o‘ylab ko‘rish ham kerak.
Darvoqe, biz maqolada jamoat transport va chiqindi tashish mashinalari haqida so‘z yuritdik. Ammo masalaning e’tibor qaratish shart bo‘lgan yana qator og‘riqli tomonlari bor. Jumladan, viloyatda 2500 dan ziyod «Damas» va boshqa turdagi transportlar yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi. Samarqandning o‘zida 20 mingga yaqin odam yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashib, rasman o‘zini o‘zi band qilib, ro‘yxatdan o‘tgan. Qish kunlarida cheklovlar sabab shuncha fuqaroning ishi kasod bo‘lgani bu hali muammoning to‘liq manzarasi emas — ularning har biri kuniga eng kamida 50 kishiga xizmat ko‘rsatsa ham, cheklovlar sabab qishning eng sovuq kunlarida bir million nafar atrofidagi yo‘lovchida narx, transport yetishmovchiligi kabi omillarning ta’siri seziladi. Boshqacha aytganda, “aholiga oson bo‘lsin” deb kiritilgan cheklov aynan aholining o‘ziga noqulaylik keltirib chiqarmoqda.
So‘nggi kunlarda havo harorati biroz ko‘tarilib, metan gazi quyish bilan bog‘liq muammolar pasaydi. Shuningdek, chiqindi tashuvchi transportlar ham vaziyat o‘nglanayotganini aytmoqda. Biz esa yuqorida aytganimizdek, kelgusi yilda bu muammo takrorlanmasligiga umid qilamiz.
Avvalo, keyingi yillarda metan «zapravka»larda cheklovlar bo‘lmaydi deb umid qilamiz. Modomiki, kelasi yil ham ahvol shu bo‘lar ekan, cheklovlar vaqtida maxsus texnikalarni yoqilg‘i bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha aniq qo‘shimchalar kiritilishi shart.
Anvar MUSTAFOQULOV.