Samarqandda 22 yanvardan "metan zapravka"larda gaz sotilishi yana cheklanadi
Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyat Matbuot uyida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali mutasaddilari tomonidan 2020 yil davomida aholi iste’molchilari hamda ulgurji iste’molchilarga 1 639 094,2 metr kub tabiiy gaz, 61 514,65 tonna suyultirilgan gaz iste’molchilariga yetkazib berilgan.
– Havoning keskin sovib ketishi natijasida bir muncha muammolar kelib chiqdi, – deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori Olim Isoqulov. – Bu muammolar joyiga borib o‘rganildi va ijobiy hal etildi. Tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan manzillarga gaz borishi uchun jadval asosida gaz quyish shoxobchalarini vaqtincha to‘xtatishga ham majbur bo‘ldik. Ertaga, 22 yanvardan yana havo haroratining keskin sovishi kutilmoqda. Shuni inobatga olib, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida gaz sotilishi yana qat’iy jadval asosida tashkil etiladi.
Ta’kidlanishicha, aholiga gaz yetkazish tizimini yanada yaxshilash maqsadida aqlli gaz hisoblagichlar bepul o‘rnatilmoqda. Xususan, Samarqand viloyati bo‘yicha 2021 yilning 20 yanvar holatiga 18 616 dona aqlli gaz hisoblagich aholi xonadonlariga o‘rnatildi, 15 422 dona gaz hisoblagich ko‘rsatkichlari onlayn billing dasturiga ulandi. Shu yilning yanvar-iyul oylarida 192 487 dona gaz hisoblagich o‘rnatish rejalashtirildi. Buning uchun ayni paytda 97 ta payvandchi brigada ishlamoqda.
Yangi elektron hisoblagich hozircha tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahridagi aholi xonadonlariga o‘rnatilmoqda. Bu jarayon ushbu hududlarda shu yil 1 martgacha yakunlanadi.
Husan Eltoyev.