Noma’lum sabablarga ko‘ra rasmiylashtirilgan "Onlayn kredit" vasvasasi

Samarqandda yashovchi ikki nafar fuqaro ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilib, noma’lum sabablarga ko‘ra ulardan birining nomiga 13 million 500 ming so‘m, ikkinchisining nomiga 12 million 300 ming so‘m onlayn kredit rasmiylashtirilganligini va aybdor shaxsga qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Tezkor-qidiruv xizmati kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Samarqand shahrida yashovchi N.S. sodir etganligi aniqlandi.

Unga ko‘ra, gumonlanuvchi N.S. jabrlanuvchilar -  T.K. va R.Z.ga "SMS" xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, ularning bank mobil ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan va ularning nomidan 13 million 500 ming so‘m va 12 million 300 ming so‘m  onlayn kredit rasmiylashtirib, o‘sha vaqtning o‘zida bu pullarni o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan va o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan N.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.