“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida" Prezident farmoni e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarni 2024 yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. 2024 yil 1 martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilsin. Bunda mazkur rahbarlar:

har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib borsin;

o‘zlariga biriktirilgan yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun tegishli tashkilotning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan zarur mablag‘larni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida yo‘naltirishga ruxsat etilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasiYoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) hamda yoshlar biriktirilgan vazirlik va idoralar belgilansin.

2. Yoshlarning salohiyati, iste’dodi va tashabbuslarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida:

2024 yil 1 martdan boshlab mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamg‘armasi 600 million so‘m miqdorida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) bo‘yicha tanlovlar, kibersport musobaqalari va “Zakovat” intellektual o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etilsin;

Yoshlar ishlari agentligi va mahalliy hokimliklar tomonidan kasblar tanlovida g‘olib bo‘lgan yoshlarni o‘z hududlarida jihozlangan ustaxonalar bilan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ul etib Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) belgilansin.

3. Yoshlar ishlari agentligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining ekologiya, sog‘lom turmushni targ‘ib qilish kabi ijtimoiy ahamiyatga molik 100 ta volontyorlik loyihalari bo‘yicha birinchi bosqichda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha mablag‘ni tanlov asosida ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

4. Yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida:

a) oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilsin;

b) 2024 yil 1 iyundan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yosh tadbirkor” tanlovlarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin:

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tanlov asosida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralanadi. Bunda, nogironligi bo‘lgan yosh tadbirkorlarning loyiha va g‘oyalariga alohida e’tibor qaratiladi;

respublika bosqichida saralashdan o‘tgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi;

g‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev), Savdo-sanoat palatasi (D.Vaxabov) va O‘zbekiston nogironlar uyushmasi belgilansin.

5. 2024 yil 1 martdan boshlab “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etilsin.

Bunda, ushbu dastur doirasida:

mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan mahalla faollari ishtirokida axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga o‘qitish hamda sertifikatlar olishini tashkil etishsertifikat olgan yoshlar to‘g‘risida ma’lumotlarni Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritib borish amaliyoti joriy qilinishi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan maxsus axborot tizimiga kiritilgan yoshlarni IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga yo‘naltirish va ishga joylashtirishga ko‘maklashish choralari ko‘rilishi belgilansin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib O‘zbekiston mahallalari uyushmasi (K.Kuranbayev), Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev), Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilansin.

6. 2024 yil 1 martdan boshlab:

“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish maqsadlariga yo‘naltirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushirilsin va dastlabki bosqichda mazkur platforma orqali 250 ming nafar yoshlar qamrab olinishi ta’minlansin;

yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushirilsin va bu orqali yosh xotin-qizlar uchun turli tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev), Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (O.Parpiboyeva) va Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) belgilansin.

7. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omili sifatida biznes uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida “Biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida 2024 yil yakuniga qadar:

kompleks qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish;

yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali 5 million aholining bandligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ul etib Bosh vazir o‘rinbosari – J.Qo‘chqorov belgilansin.

8. 2024 yil 1 iyuldan boshlab nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga:

xalqaro standartlarni joriy etish va ekologik sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy qilinsin;

uch yil davomida nufuzli xalqaro brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyolar mahalliylashtirish darajasini kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan bojxona bojidan ozod etilsin;

nufuzli xalqaro brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berilganligi uchun to‘lovlar undirilishi bekor qilinsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ul etib Savdo-sanoat palatasi (D.Vaxobov) hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L.Qudratov) belgilansin.

9. 2024 yil 1 maydan boshlab fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari uchun yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlarni faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritilsin.

10. Keng jamoatchilik bilan muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) doirasida quyidagilar:

2024 yilga mo‘ljallangan yo‘nalishlar kesimidagi amaliy tadbirlar rejalari 1–5-ilovalarga muvofiq;

2024 yilda yo‘nalishlar kesimida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxatlari 6–10-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, yo‘nalishlar kesimida 2024 yilga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–300-son qarori bilan tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

11. Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi doirasida 2024 yilda:

Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning bilimlarni baholash tizimi qo‘shimcha 1 000 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida joriy qilinib, fanlardagi amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60 foizgacha oshirilsin;

6,7 million nafar 40 va undan katta yoshdagi aholi orasida yurak-qon tomir, qandli diabet, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari xavfini aniqlash bo‘yicha profilaktik ko‘riklar tashkil etilsin;

7,5 ming nafar yoshlar zamonaviy kasblarga o‘qitilishi, xalqaro imtihon tizimlarida chet tillari bo‘yicha yuqori ball olgan 6 ming nafar yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilishi ta’minlansin;

10 million nafar aholini yugurish, futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, milliy va belbog‘li kurash kabi sport turlari bo‘yicha marafon va musobaqalarni tashkil etish orqali ommaviy sportga jalb qilish choralari ko‘rilsin;

2024 yilda Parij shahrida o‘tkaziladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun kamida 140 ta litsenziyani qo‘lga kiritish maqsadida 15 ta olimpiya va paraolimpiya markazida hamda Toshkent shahri, Andijon va Toshkent viloyatlaridagi 14 ta sport bazasida barcha zarur sharoitlar yaratilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib tegishincha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X.Umarova), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev), Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev), Sport vazirligi (A.Ikramov), O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (O.Kasimov), O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (M.Tashxodjayev) belgilansin.

12. Quyidagilar:

a) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahrida) sinov tariqasida “Mening maktabim” loyihasi amalga oshirilsin hamda buning doirasida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘ 5–11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra, elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanishi belgilansin;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini menejerlik bo‘yicha sertifikatsiyalash tizimi joriy etilsin. Bunda, direktorlarga malakaviy talablar aniq belgilanib, ular har besh yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkazilsin.

b) 2025 yil 1 yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilansin;

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ul etib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X.Umarova) belgilansin.

13. 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Qashqadaryo viloyati hokimligi (M.Azimov) va Surxondaryo viloyati hokimligi (U.Qosimov) belgilansin.

14. 2024 yil yakuniga qadar ehtiyojdan kelib chiqib, viloyatlar markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlarida kamida bittadan og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi xospislar tashkil etilsin.

Bunda, xospislarni tashkil etish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyatiga doimiy ko‘maklashish loyihalari uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan grantlar e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

15. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov):

a) 2024 yil 1 mayga qadar:

2025 yildan boshlab katta yoshdagi aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfli omillarining tarqalganligini o‘rganish;

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X.Umarova) bilan birgalikda 2026 yildan boshlab o‘tkaziladigan maktab o‘quvchilari orasida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning tarqalganlik hamda ularning psixologik holatini o‘rganish bo‘yicha rejani belgilasin;

b) 2024 yil 1 dekabrga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 17 tadan 24 taga yetkazsin va buning doirasida fuqarolarning onkologik, kardiologik va endokrinologik skriningdan o‘tishi natijasi, ularni davolash uchun ajratiladigan pullar to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyatini yaratsin.

16. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

2024 yilda nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilish texnik vositalari bilan ta’minlashning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinsin;

2024 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiya tayinlashda bir vaqtning o‘zida shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi pulni olish bilan bog‘liq harakatlarni proaktiv tarzda amalga oshirish, nogironlikni belgilashda  esa, nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida xabardor qilish tartibi joriy etilsin;

2024 yil 1 dekabrdan boshlab yolg‘iz yashayotgan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga Toshkent shahrida eksperiment tariqasida tegishli yo‘nalishdagi nodavlat tashkilotlar orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M.Olloyorov) hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi (O.Fozilkarimov) belgilansin.

17. Og‘ir atletika bo‘yicha milliy sport maktabining xalqaro nufuzini oshirish maqsadida 2024 yilda og‘ir atletika bo‘yicha barcha yosh toifasidagi sportchilar bilan individual ishlash tizimini yaratish hamda ularni professional tayyorgarligini tashkil etish uchun Chirchiq shahrida Og‘ir atletika markazi tashkil etilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Sport vazirligi (A.Ikramov), O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (O.Kasimov) belgilansin.

18. Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishi doirasida:

yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’ati 6 foizdan kam bo‘lmagan darajada bo‘lishini, investitsiyalar esa yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan kamida 30 foiz bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘rilsin;

iqtisodiyot tarmoqlarida qiymati 18 milliard dollar bo‘lgan 309 ta yirik loyihalar ishga tushirilsin;

yillik inflyasiya darajasi 9 foizgacha va fiskal taqchillik 4 foizgacha bo‘lishi ta’minlansin, keyinchalik inflyasiya va Davlat byudjeti taqchilligi ko‘rsatkichlarini pasaytirish choralari ko‘rilsin;

iqtisodiyot tarmoqlariga 275 trillion so‘m kredit resurslarini yo‘naltirish, shu jumladan, 41 trillion so‘mlik mikromoliya xizmatlari ko‘rsatilishi ta’minlansin;

banklar tomonidan taqdim etiladigan kredit stavkalarini bozor mexanizmlari asosida 2–3 foiz bandga pasaytirish uchun zarur sharoitlar yaratilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Bosh vazir o‘rinbosari – J.Qo‘chqorov va Markaziy bank (M.Nurmuratov) belgilansin.

19. 2024 yil 1 apreldan boshlab davlat investitsiya dasturlari doirasida markazlashgan manbalar hisobiga amalga oshiriladigan yirik loyihalarga sanoat kooperatsiyasi talablari joriy etilsin.

Bunda, loyihalar doirasida mahalliy korxonalarda zarur mahsulotlarni o‘zlashtirish va xarid qilish tavsiya etiladigan mahsulotlar ro‘yxati, mahalliy mutaxassislarni jalb qilish rejasi va ularga qo‘yiladigan talablar nazarda tutilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L.Qudratov) va Iqtisodiyot va moliya vazirligi (B.Xodjayev) belgilansin.

20. Respublikada “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish uchun qulay sharoitlarni yaratish va “yashil energiya” manbalari salmog‘ini oshirish maqsadida:

a) 2024 yil 1 aprelga qadar:

“yashil energiya” sertifikatlari aylanmasi bozor tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yilishi ta’minlansin;

xalqaro issiqxona gazi savdosi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish tartibi tasdiqlansin;

b) 2024 yil 1 apreldan boshlab iqlim o‘zgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) va ma’lumotlar bazasi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilsin;

v) 2024 yil yakuniga qadar xorijiy investorlar ishtirokida Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 2 700 MVt bo‘lgan 6 ta yirik quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish ta’minlansin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I.Norqulov) va Energetika vazirligi (J.Mirzamaxmudov) belgilansin.

21. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.Ortiqov) bir oy muddatda:

uch oydan ortiq muddat mobaynida ochiq savdolarda sotilmagan davlat aktivlarining boshlang‘ich bahosini 50 foizgacha bosqichma-bosqich pasaytirish;

yer uchastkalari olti oy davomida sotilmaganda to‘lovning 15 foizini uch oy muddatda, qolgan qismini 10 yil muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rsin.

22. 2024 yil 1 apreldan boshlab chegara bojxona postlarida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini rasmiylashtirish bo‘yicha karantin, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va veterinariya sohalaridagi nazorat funksiyalari bojxona xizmati organlariga o‘tkazilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ul etib Bojxona qo‘mitasi (A.Mavlonov) belgilansin.

23. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatida ochiqlik darajasini keskin oshirish va korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish maqsadida 2024 yil 1 iyuldan boshlab davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yirik soliq to‘lovchilar korporativ ijtimoiy mas’uliyat (CSR) hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) holati to‘g‘risida har yili 1 iyulga qadar hisobotni jamoatchilikka oshkor etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (B.Xodjayev) va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.Ortiqov) belgilansin.

24. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, eksport hajmini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 oktyabrdagi “Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5262-son qarorida nazarda tutilgan mahsulotlarga import bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2027 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A.Ya.Xaydarov) va Bojxona qo‘mitasi (A.Mavlonov) belgilansin.

25. Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi doirasida:

2024 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar ko‘chatlariniqalamchalarini ekish, respublikada 444 ta yashil bog‘lar barpo etish;

2024 yil 1 martga qadar suv kanallarini rekonstruksiya qilish ishlariga Davlat byudjetidan qo‘shimcha ajratilgan 500 milliard so‘m mablag‘lar doirasida kamida 1,5 ming kilometr yirik kanallarni betonlash ishlarini yakunlash choralari ko‘rilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib tegishincha Bosh vazir o‘rinbosari – A.Ramatov, Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.Xamrayev), Hisob palatasi (A.Boboyev) va Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I.Norqulov) belgilansin.

26. Mamlakatimizda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish doirasida:

a) 2024 yil 1 martdan boshlab:

hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirishyurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etilsin;

Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlansin. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmasligi belgilansin;

b) 2030 yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “YeVRO – 5” va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklansin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib tegishincha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (A.Abduxakimov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov), Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (B.Zakirov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) va Transport vazirligi (I.Maxkamov) belgilansin.

27. Keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning ekologiyaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli ta’sirini kamaytirish uchun Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Bunda, binosi Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna ko‘rsatib borsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (A.Abduxakimov), Transport vazirligi (I.Maxkamov) va Toshkent shahar hokimligi (Sh.Umurzakov) belgilansin.

28. Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi doirasida 2024 yil 1 mayga qadar:

adashgan yoshlarni jamiyatga integratsiya qilish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoshlarni probatsiya hisobidan chiqarish amaliyoti joriy etilsin va ularni profilaktik hisobga olish asoslari keskin qisqartirilsin;

yo‘l harakati qoidalari buzilishi holati yuzasidan yuboriladigan qaror va xabarnomalar bo‘yicha Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) va Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) belgilansin.

29. Mahallani jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasidagi tayanch bo‘g‘inga aylantirish maqsadida:

2024 yil 1 apreldan boshlab “Tashabbusli byudjet” doirasidagi loyihalarni tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etilsin;

2024 yil 1 avgustga qadar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga “Tashabbusli byudjet” doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan ma’lumotlar olishmablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq ajratilishini talab qilish hamda loyihalar amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring qilish imkoniyati yaratilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A.Ya.Xaydarov) va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi (K.Kuranbayev) belgilansin.

30. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti va mahalliy byudjetlar daromadlari hamda amalga oshirilgan va rejalashtirilayotgan xarajatlar bo‘yicha moliyaviy hujjatlarga asoslangan yillik va yarim yillik hisobotlarni aholi e’tiboriga tushunish uchun oson usulda o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.

31. “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishi bo‘yicha Qurolli Kuchlar, sohaga mas’ul boshqa vazirlik va idoralarning kiberxavfsizlik hamda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha salohiyatini keskin oshirish maqsadida:

kiberxavfsizlik infratuzilmasining muhim elementlari hisoblanuvchi axborot tizimlari attestatsiyasi va ekspertizasi uchun har bir vazirlik va idorada mas’ul shaxslar javobgarligi belgilansin;

mazkur yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari va o‘qitish metodikalarini zamonaviy tahdid va tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish choralari ko‘rib borilsin;

mamlakatimizning raqamli va harbiy-tibbiy infratuzilmasini takomillashtirish, mas’ul idoralarni zamonaviy texnika va tibbiyot apparaturalari bilan bosqichma-bosqich ta’minlash dasturi amalga oshirilsin;

fuqarolar shaxsiy ma’lumotlarining himoyasini kafolatli ta’minlash bo‘yicha, shuningdek, bank va to‘lov tizimlari uchun firibgarlikka qarshi va zamonaviy biometrik tizimlar joriy etilsin.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) va Markaziy bank (N.Sa’dullayev) belgilansin.

32.Quyidagilar:

Strategik islohotlar agentligi Adliya vazirligi, Hisob palatasi bilan birgalikda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy tadbirlar rejalari bajarilishini, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishini va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini tizimli monitoring qilib borsin;

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakati Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan, joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib borsin va natijalari bo‘yicha har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.

Davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakatining mazkur band ijrosi bo‘yicha faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashib borsin.

33. Vazirlar Mahkamasi:

har oy yakuni bo‘yicha Davlat dasturi ijrosi yuzasidan ma’lumotlarni umumlashtirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin;

har chorak yakuni bo‘yicha Davlat dasturida yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini Vazirlar Mahkamasining Rayosati yig‘ilishida muhokama qilib borsin;

har yarim yilda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobotlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritib borsin.

34. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Djurabayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2024 yilda amalga oshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmog‘ida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning borishi va natijalari to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumotlar aholiga tezkorlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.

35. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Mazkur Farmon ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

          Prezidenti   Sh. MIRZIYoYeV

Toshkent shahri,

2024 yil 21 fevral