O‘zbekiston-Fransiya hamkorligi bo‘yicha 20 dan ortiq hujjat imzolandi

Fransiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan davlat. 1992 yil 1 martda Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Bayonnoma imzolangan.
Mamlakatimiz tashqi siyosati konsepsiyasida Fransiya bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bugun ikki davlatning o‘zaro manfaatdorlik va hurmatga asoslangan do‘stona munosabatlari jadal rivojlanmoqda.
Umuman, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi savdo-sotiq va do‘stona aloqalar XV asr boshlarida Sohibqiron Amir Temurning Fransiya qiroli Karl VI ga yozgan maktubi bilan boshlangan. Chunki bu paytda Usmonli turklarning bosqinchi qo‘shinlari Yevropa davlatlariga katta tahdid solib turgan edi. Shu sababli Amir Temur va Yevropa monarxlari tashqi xavf bo‘lgan Usmonli imperiyasiga qarshi birlashishga harakat qildi. Temuriylar Usmonli dushmanlarni yo‘q qilishda Yevropa davlatlarini o‘ziga ittifoqchi deb bildi. Bu Amir Temurning 1402 yilda Fransiya hukmdoriga bitgan maktubida o‘z aksini topgan. Ularning o‘zaro yozishmalariga oid qismlar Fransiya davlat arxivida saqlanmoqda. Amir Temur maktublarida Karl VI ning Sharqiy davlatlarga nisbatan siyosatini yoqlab, o‘zaro savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirishga ahamiyat qaratadi.
1993 yil 27 oktyabrda Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolanadi. Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi 1992 yilda ochildi va 1995 yil O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi. O‘zaro aloqalar, delegatsiyalarning tashriflari yo‘lga qo‘yildi. 1993 yil 27 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Fransiyaga davlat tashrifi davomida imzolangan bir qator shartnomalar ikki tomonlama munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qildi.
1994 yil aprelda esa Fransiya prezidenti Fransua Mitteranning yurtimizga qilgan davlat tashrifi oliy darajadagi siyosiy munosabatlarga yo‘l ochdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 8-9 oktyabr kunlari Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan birinchi marta Fransiyada bo‘ldi. Ushbu tashrif davomida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar, parlamenti rahbariyati, yetakchi kompaniyalar va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
2022 yil 21 noyabrda davlatimiz rahbari Fransiya Prezidenti taklifiga binoan yana Fransiyaga bordi. Bu tashrif davomida ham ikkala tomonga manfaatli bo‘ladigan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, madaniy-tarixiy, ta’lim tizimi va davlat xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik loyihalari imzolandi. Luvr muzeyida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazma O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib etishda katta ahamiyat kasb etdi. Bu nafaqat O‘zbekiston va Fransiya xalqlari, balki butun Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
2023 yil noyabrda Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Muzokaralar Samarqand shahrida o‘tkazilib, 8 ta muhim hujjat imzolandi. Bu hujjatlar samarasida Samarqandda Fransuz alyansi maktabi ochildi. O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hukumatlararo moliyaviy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Davlatimiz rag‘barining Fransiyaga bu galgi oliy darajadagi tashrifi doirasida joriy yilning 10-mart kuni Parij shahrida “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston – Fransiya ko‘prigi” mavzusida qo‘shma konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Fransiyaning 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilm-fan va ta’lim sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Fransiya Oliy ta’lim va tadqiqotlar vazirligi Yevropa va xalqaro departamenti boshlig‘i Maniyel Boire anjuman ishiga omad tiladi.
Tadbir doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha 20 dan ortiq shartnomalar imzolandi. Xususan, Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Fransiyaning fransuz tilini o‘qitish innovatsion metodik markazi o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Shuningdek, SamDChTI rektori Bahodir Xoliqov Fransiyaning Pol Valeri nomidagi Monpele universiteti rektori Anne Fraisse o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasini yanada rivojlantirish yuzasidan muzokaralar olib borildi. Muzokaralar yakunida imzolangan bitimga muvofiq Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi Key Action granti yordamida 2027 yilgacha bo‘lgan muddatda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida talaba almashinuvi, doktorantlar stajirovkasi va professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish o‘quv amaliy kurslarini tashkil etish belgilandi.
U.BOBOEV,
SamDChTI kafedra mudiri, dotsent.
G.A’ZAMOVA,
SamDChTI doktoranti.