O‘zbekiston milliy terma jamoasining birinchi murabiyyi Rustam Akramov vafot etdi

Bugun, 15 fevral kuni pedagogika fanlari doktori, professor Rustam Akramov 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Rustam Akramovich Akramov 1948 yilda Toshkent viloyatida dunyoga kelgan. U faoliyati davomida o‘zbek va sobiq ittifoq futboli rivoji uchun ulkan hissa qo‘shgan mutaxassis hisoblanadi.

Rustam Akramov O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng futbol bo‘yicha milliy terma jamoani boshqargan birinchi murabbiy hisoblanadi. 1992-1994 yillar terma jamoa u kishi bilan Markaziy Osiyo chempionati va 1994 yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan.

Rustam Akramovich 1995-1997 yillar Hindiston terma jamoasini boshqardi. Ushbu davlatdagi 2 yillik faoliyati davomida asosiy terma jamoa bilan bir qatorda bolalar futbolini rivojlantirish tizimini shakllantirdi. Keyinchalik OFK, FIFA tashkilotlarida instruktor bo‘lib faoliyat olib bordi.

O‘zbek futboli rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali hamda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.