Osiyo kubogi: Bugun O‘zbekiston terma jamoasi maydon egalari - qatarlik futbolchilarga qarshi maydonga tushadi

Qatarda o‘tayotgan Osiyo kubogi ham tobora qizg‘in pallaga kirmoqda. Kecha musobaqaning chorak finalidan o‘rin olgan Tojikiston — Iordaniya bahsi 0:1 hisobida, Avstraliya — Janubiy Koreya o‘rtasidagi o‘yin 1:2 hisobida yakunlandi.

Osiyo kubogining bugun, 3 fevral kungi dasturida chorak final uchrashuvlari davom ettiriladi. Unda Eron – Yaponiya, Qatar – O‘zbekiston terma jamoalari maydonga tushadi.  

O‘zbek futbol ixlosmandlari uchun har ikki o‘yin ham muhimligiga shubha yo‘q. Sababi, milliy terma jamoamizning maydon egalariga qarshi o‘yiniga har bir vatandoshimiz muxlislik qilishi tabiiy. Eron – Yaponiya bahsi g‘olibi yarim finalda aynan Qatar – O‘zbekiston o‘yini g‘olibiga qarshi o‘yin o‘tkazishi ma’lum. Shu sabab mazkur uchrashuv ham muxlislar e’tibori markazida bo‘ladi.

Qatar bugun o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida “Al-Bayt” stadionida futbolchilarimizga qarshi maydonga tushadi. Shu sababdan ham uchrashuvda terma jamoamizga biroz bosim bo‘lishi shubhasiz. Lekin O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari har qanday bosimda ham o‘zlari uchun muhim natijani qo‘lga kiritishga qodir. Aynan Qatarda 2011 yil o‘tgan Osiyo kubogida buning guvohiga aylanganmiz. O‘shanda musobaqaning ilk uchrashuvida mezbonlarni 2:0 hisobida mag‘lub etganmiz. Umid qilamizki, bu yil ham ana shunday muvaffaqiyatga erishamiz.  

Biroq, o‘tgan vaqt mobaynida Qatar terma jamoasining o‘yin saviyasi o‘sdi. Shuningdek, so‘nggi ikki yilda ushbu mamlakatda yirik futbol musobaqalari o‘tkazilmoqda va futbolga bo‘lgan qiziqish ham avvalgi yillardan ko‘ra ancha yuqori. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, aynan Qatar Osiyo kubogining amaldagi g‘olibi hisoblanadi. Shu sababli, Qatar bugun o‘z oldiga ikki maqsad qo‘ygan holda maydonga tushadi. Aniqrog‘i, bundan 13 yil avvalgi alamli mag‘lubiyat, musobaqa kubogini yana o‘zida saqlab qolish uchun O‘zbekistonga qarshi bor kuchi bilan o‘ynaydi.  

Nima bo‘lganda ham yana o‘sha futbol naqlini eslatib o‘tmoqchiman. “Maydon tekis, to‘p dumaloq!”. Ha, futbolda yengilmaydigan jamoaning o‘zi yo‘q.  

Darvoqe, bugun Srechko Katanets boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi to‘liq oq libosda, darvozabonimiz esa qora libosda harakatlanadi. Shuningdek, uchrashuvni boshqarib boradigan hakamlar guruhi ham ma’lum. Bosh hakam Janubiy Koreya vakili Kim Hi Gon, unga qanotlarda hamyurtlari Yun Jaye Yeol va Park Sang Jun yordam beradi. Zaxira hakami sifatida esa quvaytlik Abdulla Jamali ishlaydi. Uchrashuv soat 20:30 da “Al-Bayt” stadionida start oladi.  

Eron va Yaponiya terma jamoalari bahsi esa soat 16:30 da “Education City” stadionida boshlanadi.  

Javohir Toshxo‘jayev.