O‘zbekiston Turkiyaga gumanitar yordam yubordi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, joriy yil 2 may kuni Turkiya Respublikasiga koronavirus infeksiyasi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan tibbiy buyumlardan iborat insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining matbuot xizmati xabar berdi.
Turkiyaga insonparvarlik yordamini yuborish to‘g‘risida qabul qilingan Hukumat farmoyishiga asosan “Uzbekistan Airways” tomonidan ajratilgan yuk samolyotida Istanbul shahriga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan bir martalik respirator Ecos N 95 tibbiy niqobidan bir million dona yetkazib berildi.
Mamlakatlarimiz koronavirus infeksiyasining shiddatli tarqalishiga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan muborak Ramazon oyida Turkiyaga shunday og‘ir kunlarda ko‘rsatilgan yordam O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlari yuqori darajada ekanidan dalolatdir.