O‘zbekistonda qancha chekuvchi bor yoki necha pul tutunga aylanmoqda?
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, oxirgi yillarda olib borilayotgan sog‘lom turmush targ‘iboti natijasida O‘zbekistonda yildan yil aholining umumiy soniga nisbatan chekuvchilar kamaymoqda, deb yozmoqda nuz.uz.
2019 yilda, O‘zbekistonda chekuvchilar soni, 2018 yildagi chekuvchilar sonidan biroz ortgan va 2.4 million kishini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda 2.38 million edi, 2016 yilda esa 2.21 million edi.
Ammo, tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, oxirgi yillarda olib borilayotgan sog‘lom turmush targ‘iboti natijasida O‘zbekistonda yildan yil iste’mol qilinayotgan sigareta miqdori kamayib bormoqda.
Agar, 2016 yilda mamlakatimizda chekuvchilar tomonidan 10.46 mlrd. dona sigaret iste’mol qilingan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bu ko‘rsatkich 10.04 mlrd. donaga qisqargan.
Bitta chekuvchining o‘rtacha chekadigan sigareti 2016 yilda 11.2 donani tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2019 yilda 10.4 donagacha qisqargan.
Ammo, yoshi 22 yoshdan tepada bo‘lgan aholi orasida chekuvchilar soni ortgan. Ular 2016 yilda 11.5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda 12.3 foizga ortgan.
Chekuvchilarning yosh darajasiga qaraydigan bo‘lsak:
6 foiz - chekuvchilarni 22-24 yoshlilar tashkil etadi.
30 foiz - chekuvchilarni 25-34 yoshlilar tashkil etadi.
23 foiz - chekuvchilarni 35-44 yoshlilar tashkil etadi.
22 foiz - chekuvchilarni 45-54 yoshlilar tashkil etadi.
14 foiz - chekuvchilarni 55-65 yoshlilar tashkil etadi.
5 foiz - chekuvchilarni esa yoshi 65 yoshdan tepadagilar tashkil etadi.
90 foiz - chekuvchilarni erkaklar,
10 foiz - chekuvchilarni esa ayollar tashkil etadi.
Chekuvchilarning 70 foizini 5 yildan ko‘proq vaqtdan beri chekuvchilar tashkil etadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 1 quti sigaretning o‘rtacha narxi 8313 so‘mni tashkil etmoqda. O‘rtacha hisoblaganda bir kunda o‘zbekistonlik har bir chekuvchi sigaret uchun 4322 so‘m 76 tiyin sarflamoqda. Agar bu summani chekuvchilarning umumiy soniga ko‘paytirsak bir kunda o‘zbekistonlik chekuvchilar o‘rtacha umumiy 10.374.624.000 so‘mni sigaret sotib olish uchun sarflamoqdalar. Endi, bu summani 1 yil, 365 kunga ko‘paytirsak 3.786.737.760.000. so‘m bo‘ladi. Bu summani Markaziy bank belgilagan dollar kursining 3 may holatidagi narxiga, 8464.60 so‘mga bo‘lsak, 447.361.689 dollar kelib chiqayapti. Demak, o‘zbekistonliklar umumiy hisobda har yili o‘rtacha qariyb yarim milliard dollarni havoga tutun qilib chiqarib yuborayaptilar.