O‘zbekistonga 273 780 doza Pfizer/BioNTech vaksinasi keltirildi

Bu haqda oldinroq xabar bergandik. Yurtimizga COVAX dasturi doirasida koronavirusga qarshi vaksinalarning bir necha partiyasi yetkazib berildi.

Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda aholi talablariga mos ravishda va tanlov imkoniyatini inobatga olgan holda vaksinalar zaxirasini shakllantirishga imkon berdi.

Mamlakatimizda vaksina ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi esa bu imkoniyatni to‘la ta’minladi, deya olamiz.

Hozirgina yurtimizga olib kelingan 273 780 doza Pfizer/BioNTech vaksinasi ham COVAX doirasida keltirilgan bo‘lib, uning boshqa vaksinalardan farqi shundaki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarini inobatga olgan holda ushbu vaksina bilan 12 yoshdan katta bo‘lgan bolalar ham ixtiyoriy tarzda emlanmoqda.

Hozirga qadar 168 554 nafar 12-18 yoshli bolalar Pfizer vaksinasi bilan emlandi.