O‘zbekistonga pnevmoniyani davolash uchun xorijdan mutaxassislar jalb qilinmoqda

Shavkat Mirziyoyev kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hozirgacha amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritar ekan, oxirgi kunlarda koronavirusni davolash uchun qo‘shimcha 46,5 mingta o‘rin ajratilgani, yana 31 mingta o‘rin tashkil etilishi, 397 ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409 ta mashina joylarga yetkazilishini ta’kidlab o‘tdi.

- Koronavirusga qo‘shimcha ravishda pnevmoniya holatlari ham keng tarqalmoqda. Biz pnevmoniyani davolashda nafaqat o‘zimizning shifokorlar, balki videoaloqa orqali xorijdagi yetakchi mutaxassislarni konsultatsiya berishga jalb qilyapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Hozirgi vaqtda germaniyalik tibbiyot professori yurtimizga kelib, davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda. Bugun Turkiyadan bir guruh professorlar yetib keladi. Boshqa davlatlardan ham eng tajribali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha ish olib boryapmiz.

Prezidentimizning qayd etishicha, bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzish hisoblanadi. Buning uchun karantin talablariga so‘zsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sog‘ligini asrab-avaylash, har bir inson hayoti uchun kurashishi zarur.