Qariyb 5 mlrd. so‘mlik iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini savdoga chiqarilishining oldi olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan mavjud tezkor ma’lumotlarga asosan viloyat IIB JQB va bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldini olish borasida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor qidiruv tadbirida Toshkent viloyati, Parkent tumanida faoliyat yurituvchi “B.G.” MChJ ta’sischisi M.O. va uning sherigi Sh.J. Samarqand shahri, “Madadkor” MFY hududida joylashgan uyning omborxonasida hech qanday hujjatsiz 30 xil turdagi 134 597 dona umumiy bahosi 4 mlrd. 945 mln. so‘mlik alkogol mahsulotini Samarqand shahrida o‘tkazish maqsadida saqlab kelganliklari aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
O‘tkazilgan ekspertiza xulosalariga ko‘ra, ushbu alkogol mahsulotlarining aksiz markalari qalbakiligi hamda iste’molga yaroqsiz ekanligi qayd etilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.