Qonunchilikni buzgan mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Loyihada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, jumladan, ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni e’lon qilmaslik yoki to‘liq e’lon qilmaslik, e’lon qilish muddati va tartibini buzish yoki ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatish:
– mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi;
– xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda, mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Jamoatchilik muhokamasi 2021 yil 9 sentyabrga qadar davom etadi.