Raqamli transformatsiya davrida xavfsizlik
Samarqand shahrida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plyus birinchi ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda ShHTga a’zo davlatlar bilan birga, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik maqomidagi mamlakatlar – 24 davlat maxsus xizmatlarining rahbarlari hamda vakillari, 5 ta xalqaro tashkilot mas’ullari, nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.
Qayd etish lozim, mazkur formatni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024 yilda ShHTning Ostona shahridagi sammitida bildirilgan edi. 2025 yilda Tyanszinda bo‘lib o‘tgan Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida birinchi ekspertlar muloqotini Samarqandda o‘tkazish taklifi ilgari surilgandi.
Shu tariqa 5-6 noyabr kunlari qadimiy va hamisha navqiron kentda “Raqamli transformatsiya davrida xavfsizlik: yangi texnologiyalar rivojlanishini hisobga olgan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish” mavzusida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plyus birinchi ekspertlar muloqoti o‘tkazildi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro muloqot qatnashchilariga murojaatini Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari murojaatida hozirgi kunda geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, qarama-qarshiliklarning chuqurlashishi va qurolli mojarolarning avj olishi, dunyodagi vaziyatning asosiy xususiyatlari bo‘lib qolayotgani qayd etilgan. Bunday sharoitda axborot xavfsizligini ta’minlash, muhim infratuzilmalarni himoya qilish va davlatning buzg‘unchi ta’sirlarning yangicha shakllariga nisbatan barqarorligi masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Ta’kidlanganidek, bugun hech bir davlat chegara bilmaydigan tahdidlarga yakka o‘zi to‘liq qarshi tura olmaydi. Bu esa, tabiiy ravishda, xalqaro hamkorlik, o‘zaro ishonch va birgalikda ish olib borishning amaliy mexanizmlariga bo‘lgan talabni kuchaytiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati rahbari general-polkovnik B.Qurbonov raisligida o‘tkazilgan uchrashuvda xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘z fikrlarini bildirdilar.
Dastlab, mamlakatimiz Xavfsizlik xizmati rahbari ishtirokchilar e’tiborini terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar o‘z mafkurasini tarqatish, tarafdorlarni yollash, teraktlarni moliyalashtirish, ularga tayyorgarlik ko‘rish hamda amalga oshirishda raqamli texnologiyalardan faol foydalanayotganiga qaratdi. Shuningdek, raqamli transformatsiya davrida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtaldi.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev o‘z so‘zida ushbu forumning o‘tkazilishiga oid tashabbusni ilgari surgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Ta’kidlanganidek, bunday formatdagi hamkorlik keng ko‘lamli inklyuziv xalqaro sheriklikni shakllantirishga xizmat qiladi.
ShHT Bosh kotibi 2026 yil sentyabr boshida bo‘lib o‘tgan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Bishkek sammitida qabul qilingan muhim qarorlarga alohida to‘xtaldi. Jumladan, ushbu sammitda ShHTga a’zo davlatlarning xavfsizligiga tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markaz hamda ShHT Narkotiklarga qarshi kurashish markazi Ijroiya qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan edi. Shuningdek, 2030 yilgacha mo‘ljallangan giyohvandlikka, sintetik narkotiklar va ularning prekursorlari tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha dasturlar qabul qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi, BMT Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi rahbari Aleksandr Zuyev ushbu formatdagi muloqot nafaqat ShHTga a’zo yoki unda kuzatuvchi davlatlar, balki boshqa ishtirokchilar uchun ham yangi tahdidlarni baholash borasida tajriba almashish, milliy salohiyatni mustahkamlash va barqaror professional tarmoqlarni yaratishga xizmat qiluvchi amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qilishini ta’kidladi.
– O‘zbekiston Respublikasi va uning rahbariyati tomonidan xalqaro xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish borasidagi ishlar e’tiborga sazovor, – deydi Aleksandr Zuyev. – Bu haqda gapirganda men Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yilda BMT Bosh assambleyasining 80- sessiyasida ilgari surgan, bevosita, men rahbarlik qilayotgan boshqarma bilan bog‘liq muhim ikki tashabbusini alohida qayd etishni istardim. Jumladan, Prezident janoblari O‘zbekistonda BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini ochish taklifini bildirgan edi. Biz bu tashabbusni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz va buning uchun yordam berishga doim tayyormiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan tashabbus asosida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plyus ekspertlar muloqoti tashkil etilishi ham bugun juda dolzarb deb o‘ylayman. Muloqotning faqat ShHT davlatlari bilan cheklanmay, unga boshqa mamlakatlar maxsus xizmatlari, boshqa xalqaro tashkilotlar ham jalb etilgani global xavf va tahdidlarga qarshi kurashishda birgalikda harakat qilish, kuchlarni birlashtirish muhimligini namoyon etadi.
Uchrashuv plenar majlis shaklida o‘z ishini davom ettirdi. Unda milliy tajribalarni o‘rganish, samarali hamkorlik mexanizmlarini joriy etish, raqamli makonda terrorchilik faoliyatiga chek qo‘yish, ekstremizm va radikalizm g‘oyalarini tarqalishining oldini olishga qaratilgan ta’sirchan vositalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Terrorchilik targ‘ibotini tarqatish, tarafdorlarni yollash va noqonuniy faoliyatni muvofiqlashtirishda sun’iy intellekt, raqamli platformalar hamda boshqa texnologik vositalardan foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarlarga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar “ShHT plyus” formatining ekspertlik yondashuvlarini yaqinlashtirish, amaliy tajriba almashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishda ochiq maydon sifatidagi salohiyatini qayd etdi.
Delegatsiyalar rahbarlari birinchi muloqot yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike qabul qildilar. Hujjatda yangi texnologiyalarning terrorchilik tahdidlariga ta’siri yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish, samarali profilaktika tajribalari sharhlarini tayyorlash, shuningdek, muayyan mavzularga bag‘ishlangan seminarlar va malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish taklif etildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat).