"Samarqand-Buxoro" tezyurar pullik avtomobil yo‘li quriladi

Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan o‘tuvchi yangi yo‘lni qurish maqsadida Turkiyaning yo‘l qurilishi bo‘yicha yirik kompaniyasi vakillari bilan memorandum imzolandi.

Anglashuv memorandumi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan tuzilgan.

Qayd etilishicha, 55 yillik tajriba ega kompaniya nafaqat Turkiyada, balki xorijiy davlatlarda ham avtomobil yo‘llar, tunnellar, ko‘priklar hamda turli yirik inshootlarni muvaffaqiyatli barpo etgan.

Kompaniya tomonidan DXSh asosida Istanbul shahrida umumiy uzunligi 150 kilometr avtomobil yo‘li, dengiz ustida 1,5 kilometr uzunlikdagi “Yavuz Sulton Salim” nomli bosfor ko‘prigi qurilgan.

Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik dasturlari asosida transport infratuzilmasini takomillashtirish, xususan, avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish, turk kompaniyasining sohadagi tajribasi, jumladan, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va aeroportlar qurish yo‘nalishida shakllantirilgan loyihalari yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Muhokamalar davomida tomonlar davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishdagi asosiy yo‘nalishlar, amalga oshirilayotgan DXSh loyihalari, DXSh mexanizmlaridan samarali foydalanish, sohada jahonning ilg‘or va muvaffaqiyatli tajribalaridan keng foydalanish yuzasidan fikr almashgan.

O‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda belgilangan maqsadlarga yetishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib olingan.