"Toshkent-Samarqand" pullik avtomobil yo‘lining qurilishi 5-8 yilni tashkil etadi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi Farrux G‘afforov ma’lum qildi.

"Toshkent-Samarqand" pullik avtomobil yo‘li bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki konsultantlari bilan bitim imzolandi va hozirda o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha umumiy kapital xarajatlari taxminan 1,5 mlrd. AQSh dollaridan oshadi. 300 kilometrlik yo‘l uchun umumiy qurilish davri qurilish ketma-ketligiga ko‘ra 5-8 yilni tashkil etishi mumkin.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘ldan foydalanish narxlari yengil avtomobil va yengil yuk mashinalar uchun taxminiy narx 5 va 7 AQSh dollari, yuk mashinalari va avtobuslar uchun 15-20 AQSh dollari etib ko‘rsatilgan.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim taxminan 30 yil muddatga tuzilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihani moliyalashtirish davlat byudjetidan emas, asosan, xususiy sherik, ya’ni xorijiy investor tomonidan amalga oshiriladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, hali mazkur loyihalar bo‘yicha aniq belgilangan marshrut va narxlar mavjud emas. So‘nggi tasdiqlangan raqamlar Hukumat va investorlar o‘rtasida tuziladigan kelishuv asosida aniq bo‘ladi. Aytilgan raqamlar xalqni amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar bo‘yicha umumiy tushunchaga ega bo‘lishi uchun ma’lum qilindi.

Xalqaro tajribaga ko‘ra, pullik yo‘l qurilganda odatda aholi uchun bepul muqobil yo‘l saqlanib qoladi.