Dunyo avtosport mas’ullari Samarqandda
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) tashkil etilganligining 120 yilligi munosabati bilan federatsiyaning navbatdan tashqari bosh assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda federatsiyaga a’zo bo‘lgan 147 mamlakatdan 500 dan ortiq mutasaddilar, avto-moto klublar, federatsiyalar va assotsiatsiyalar delegatlari ishtirok etdi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) prezidenti Muhammad Ahmad ben Sulayem, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikromov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston avtosport va karting milliy federatsiyasi mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) prezidenti Muhammad Ahmad ben Sulayem, viloyat hokimi Erkinjon Turdimovlar konferensiya ishtirokchilarini qutlab, dunyo miqyosida rivojlanib borayotgan avtosportni yanada ommalashuvida ushbu konferensiya davomida erishiladigan kelishuvlar, o‘zaro tajriba almashinuvi alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida yurtimiz vakillarining Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) mutasaddilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvida o‘zaro hamkorlik istiqbollari, kelgusida avtosportni rivojlantirish borasidagi taklif muhokama etildi.
Jumladan, yurtimizda sportni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida avtosportga ham alohida e’tibor qaratilayotganligi qayd etildi. Xususan, Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Olimpiya shaharchasida avto-motosport turlari uchun ham maxsus maydonlar, yo‘laklar tashkil etilayotganligi qayd etilib, ularni jahon standartlariga moslashtirishda FIA mutaxassislarining ko‘magi muhim ahamiyat kasb etishi alohida e’tiborga olindi va mutaxassislarni jalb etishda FIAning hamkorligidan mamnunlik bildirildi.
O‘z navbatida Xalqaro avtomobil federatsiyasi prezidenti Muhammad Ahmad ben Sulayem nufuzli anjumanni yuqori saviyada tashkil etilganligi uchun minnatdorlik bildirib, Olimpiya shaharchasidagi bunyodkorlik ishlariga avtosport mutaxassislarini jalb qilishda ko‘mak berilishini ma’lum qildi. Shuningdek, yetarli infratuzilma yaratilgach, undan unumli va samarali foydalanish lozimligini ta’kidlab, Buyuk Ipak yo‘li davlatlari avtosportchilari o‘rtasida “Silk road cup” xalqaro musobaqasini tashkil taklifini bildirdi.
Konferensiya ishtirokchilari markazdagi ko‘rgazmalar pavilonida tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishishdi.
Samarqandda o‘tayotgan anjuman barchamiz uchun samarali bo‘lmoqda, - deydi Uganda avtojamoalar federatsiyasi kotibi Reynold Kibira-Kadok. – O‘zaro tajriba almashish har qanday soha rivojida muhim, deb bilaman. Shu bois anjumandan o‘zimizga yangilik bo‘lgan barcha o‘zgarishlarni o‘zlashtirishga harakat qilyapmiz. Bu sport turiga bo‘lgan qiziqish dunyo miqyosida tobora o‘sib bormoqda. Bizning Afrika qit’asida ham ushbu sport turi jadal rivojlanyapti. O‘tkazilayotgan musobaqalarda 50 dan ortiq mamlakat sportchilari qatnashmoqda. Mazkur anjumandagi fikrlar, o‘zgarishlarni, albatta, amaliyotda qo‘llab, yuksak natijalar sari harakat qilamiz.
Samarqand mezbonligida o‘tkazilayotgan konferensiya 13 iyunda yakunlanadi.