"Rulda - nuroniy" degan maxsus belgi joriy etilsa...

Bugungi avtomobillar hayotimizga chuqur singib, uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengillashtirish va boshqa yumushlarimizni hal qilishda katta imkoniyatlar yaratmoqda. Shu bilan birga, odamlar hayotiga ham katta xavf solib, yo‘l-transport hodisalari kun sayin ko‘payyapti. 

Aslida avtomobildan foydalanish o‘ziga xos tartib, tizim orqali amalga oshirilishi kerak. Avtoulovni mahorat bilan, xatarsiz boshqarish uchun kishilarga haydovchilik guvohnomasini berish katta mas’uliyat bo‘lishi zarur. Buning uchun o‘rgatuvchi bo‘lg‘usi haydovchiga puxta nazariy va amaliy bilim berishi kerak. Ammo biz bu borada oqsab qoldik. Barcha ta’limdagi kabi haydovchilarni tayyorlashda ham tanish-bilishchilikni, haydovchilik guvohnomasini sotish, sotib olish kabi illatlarni chuqurlashtirib yubordik. Natijada yo‘llarda - katta avtoulovlar harakati oqimida bilimi, tajribasi yetarli bo‘lmagan, ammo zamonaviy tezkor avtoulovni boshqarayotganlar ko‘paydi. Oqibatda avtohalokatlar sodir bo‘lib, odamlar bevaqt hayotdan ko‘z yumyapti yo nogiron bo‘lib qolyapti.

Joyi kelganda haydovchilik guvohnomasini bir kunda olganlarni ham eshitdik, ko‘rdik. Buni shunday baholash mumkin: haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan sotib olish, o‘ziga va boshqalarga ajalni sotib olish bilan barobar.

Shu o‘rinda bir taklif bor: ko‘chalarda harakatlanayotgan yengil avtomobillarda ba’zi belgilarni ko‘ramiz. Masalan, avtomashinani boshqarishni o‘rgatayotganlarga “O‘rgatuvchi” belgisi yoki ayollar boshqarayotgan yengil avtomobilda poshnali poyabzal, nogironlar boshqaradigan avtomobilda nogironlar aravachasi va hokazo.

Hozirgi kunda yengil avtomashinalarni 80-90 yoshli keksa nuroniylar ham boshqarayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bunday yoshda, hozirgi serqatnov avtoharakatda, tezyurar yengil avtomashinalarni boshqarish oson emas. Chunki, keksa kishilar qatorida qiziqqon, tez yurishni o‘ziga havas qilib olgan yosh yigit-qizlar "yuksak mahorat" bilan bir-birini quvib, yo‘l harakati belgilariga e’tibor bermasdan tez harakat qilayotganlar talaygina. Ana shunday paytlarda yonida harakatlanayotgan mashinani keksa-nuroniy boshqarayotganidan bexabar bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar ba’zan yo‘l harakatida noqulaylik, hatto yo‘l transport hodisalariga ham olib kelishi mumkin. Shuning uchun, keksa kishilar boshqaradigan yengil avtomobillarga nuroniy boshqarayotganini anglatuvchi maxsus belgi, masalan, "Rulda - nuroniy" belgisi ishlab chiqilib, yengil avtomashinaga o‘rnatilsa. Bu, birinchidan, keksa nuroniylarga hurmatni bildiradi, ikkinchidan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi.

Hamroqul Rafiyev.