Avtomobillarda nega yong‘in chiqmoqda?

Ayni kunlardagi jazirama issiq kutilmaganda transport vositalarida yong‘in chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday vaqtda nima qilish kerak?

Aslida avtomobillarda yong‘in kelib chiqishining sabablari juda ko‘p. Amaliyotda eng ko‘p uchraydiganlari, bu – elektr simlarining qisqa tutashuvi hamda yonilg‘ining sizib chiqishidir. Benzin va dizelda harakatlanuvchi avtomobillarda yonilg‘i sizib chiqishini darhol payqash qiyin. Agar dvigatel sovuq holatda bo‘lsa, yonilg‘i hidini salonda ham sezish mumkin. Ammo dvigatel qizib turgan holda yonilg‘i juda tez bug‘lanadi va uni sezish mushkul.

Benzin bug‘lari alanganlanish xususiyatiga ega, bu esa juda kichik uchqun ham yong‘inga sabab bo‘lishini anglatadi.

Siqilgan gaz balloni o‘rnatilgan avtomobillarda, asosan, gaz ballonlaridagi texnik nosozlik, yorilish, reduktor va gaz trubkasining ishdan chiqishi oqibatida ko‘p miqdorda yonuvchi gaz tashqariga otilib chiqadi. Bu o‘z navbatida yonish va portlash xavfini yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, ayrim hollarda salonda chekish, yengil alangalanuvchi moddalarni tashishda e’tiborsizlik oqibatida ham yong‘in sodir bo‘lishi mumkin.

Transport vositasida yong‘in sodir bo‘lganda quyidagilarni bajarish kerak:

  1. Har qanday holda ham vahimaga tushmaslik lozim.
  2. Avtomobilni yo‘lning chetki qismiga, imkon boricha odamlar va binolardan uzoqroq joyda to‘xtatish kerak.
  3. Dvigatelni o‘chiring, “qo‘l tormozi”ni ishlating va “101” raqami orqali yong‘in-qutqaruv qismiga xabar qiling.
  4. Yong‘in o‘chog‘ini va yong‘in ko‘lamini baholashga haraka qiling.
  5. Agar yong‘in o‘chog‘i yonilg‘i baki yoki gaz ballonida bo‘lsa, undan uzoqlashish kerak. Bunday yong‘inni o‘chirishga urinish xavfli. Qutqaruvchilar yetib kelgunicha yong‘inning boshqa avtomobillar va binolarga o‘tib ketishining oldini olish va insonlar xavfsizligini ta’minlash lozim. Agar yong‘in o‘chog‘i avtomobilning dvigatel qismida bo‘lsa, uni mustaqil o‘chirishga harakat qilish mumkin. Kapot qizigan bo‘lishi va uni ochishda kuyib qolish ehtimoli bor. Bundan tashqari, kapotning ochilishi ichkariga kislorod kirib, yong‘inni yanada avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli, yong‘in o‘chirgichni shay holatga keltirib, mato bilan kapotni ochish tavsiya etiladi.
  6. Yong‘in o‘chirgichni olovga to‘g‘rilab ishlatish, boshqa yo‘lovchi va haydovchilarni ham yordamga chaqirish lozim. Yong‘inni o‘chirishda tuproq, qor, ariq suvlaridan ham foydalanish, shuningdek, yong‘in joyini kiygiz, odeyal, brezent, kurtka va boshqa havo o‘tkazmaydigan mato bilan yopish mumkin. Faqat mato zich yopilishi kerak. Aks holda yong‘in yanada kuchayadi.

Hech bir avtomobil yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlardan to‘liq muhofaza etilmagan. Shu sababli, transport vositalarini texnik soz holatda boshqarish, harakat davomida hushyorlikni yo‘qotmaslik, avtomobilda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bo‘lishini ta’minlash lozim.

J.Lapasov,

Samarqand shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektori, katta leytenant.