O‘tgan yili O‘zbekistonda 80 nafarga yaqin inson yong‘in qurboni bo‘ldi
Senat yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, 2023 yilda 10 204 ta yong‘in hodisasi sodir bo‘lib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari halok bo‘lgan, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga 270,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shundan faqatgina 2023 yilning o‘zida tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli ob’yektlarda 797 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Bugungi kunda ayrim fuqarolarimiz yong‘in xavfsizligi qoidalarini bilmasligi, aksariyat hollarda ushbu qoidalarga e’tiborsizlik bilan qarashi va mas’uliyatsizlik bilan yoki yuzaki yondashishi, shuningdek, amaldagi qonunchilikda qonunbuzilish holatlari uchun yengil ma’muriy jazo choralari belgilanganligi yirik yong‘inlar sodir bo‘lishining asosiy sabablaridan bo‘lmoqda.
Hududlarda ro‘y bergan yirik yong‘inlar sabablarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan Hukumat komissiyasi qayd etishicha, davlat yong‘in nazorati organlarining vakolatlari yetarli emasligi sababli ular tomonidan yong‘inning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmasdan qolayotganligi qayd etilgan.
Shu bois Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan muhokama qilinayotgan qonun ishlab chiqildi va parlamentga kiritildi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish yong‘in chiqishiga olib kelganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni, shaxslarning ehtiyotsizligi yoki yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda bunday shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun yuzasidan jamoatchilik vakillari, mutaxassislar, ekspertlar, prokuratura organlari xodimlari muhokamada faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Majlis so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.