Samarqand tumanida sportga e’tibor berilmaydimi?
2021 yilda tumanda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) kabi sportning ustuvor turlarini ommalashtirish maqsadida 28 kilometr salomatlik, 23,5 kilometr veloyo‘lak, 16 ta “Workout”, 14 ta stritbol maydonchasi foydalanishga topshirilgan.
Sport zal ta’mirlanganiga 5 yil bo‘lmasdan ta’mirga muhtoj
Tumanda 258 ta sport inshooti bor. Shundan ikkitasi bolalar-o‘smirlar sport maktabi bo‘lib, ularda 96 nafar trener-o‘qituvchi 31 sport turi bo‘yicha 2420 nafar o‘g‘il-qizga mashg‘ulot o‘tmoqda.
- 2014 yilda foydalanishga topshirilgan muassasa binosi uch yil o‘tmay qaytadan joriy ta’mirlandi, - deydi 1-bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori o‘rinbosari Akmal Isayev. – Mana, yana besh yil o‘tmasdan sport zalning pol qismi qo‘porilib ketdi. Bu noqulaylik tufayli sportchilar zalda shug‘ullanish vaqtida jarohat olmoqda. Holat yuzasidan tuman hokimligiga, viloyat sport boshqarmasiga murojaat qildik. Ammo zalning ta’mirlanishi dasturga kiritilganligidan boshqa javob ololmadik.
Sport zal yo‘q, o‘qituvchilar yetishmaydi
Tumanda 2003 yil foydalanishga topshirilgan 2-bolalar-o‘smirlar sport maktabi 2017 yilda qisman ta’mirlangan. Hozir muassasada 38 nafar trener-o‘qituvchi 15 sport turidan 1054 nafar o‘quvchiga mashg‘ulot o‘tmoqda.
– Muassasamiz kichikligi va sport zal yo‘qligi uchun mashg‘ulotlar o‘rta maktablarda olib borilyapti, - deydi maktab direktori Hamidillo Nurmanov. – Inshootda futbol va basketbol bo‘yicha faqat ochiq havoda mashg‘ulot o‘tkazishga sharoit bor. Sportchilar uchun kiyinish va yuvinish xonalari yo‘q. Qariyb 20 yil oldin qurilgan tribuna va o‘rindiqlar ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Buning ustiga kamondan otish va velosport turlari bo‘yicha mutaxassislar yetishmaydi. Mas’ullar bu muammolarning keyingi yilda bartaraf etilishini ma’lum qildi. Ammo hali hech qanday amaliy ish boshlangan emas.
Samarqand tumanida sog‘lom turmush tarziga va ommaviy sportni targ‘ib qilish, rivojlantirish borasida sport inshootlari hamda maktablarda yuqoridagi kabi muammolarga e’tibor kerak.
Fazliddin Ro‘ziboyev.