Samarqand turizm akademiyasi tashkil etildi

Butunjahon turizm tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan akademiyaning ochilish marosimida Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili hamda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

Ta’kidlash lozimki, bugun yakuniga yetgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasining tadbirlarida 140 davlatdan kelgan delegatlar, turizm vazirlari va turizm ma’muriyatlari rahbarlari, shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan yirik kompaniyalar vakillari va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Bosh assambleya sessiyasi doirasida Samarqandda global investitsiya forumi va ko‘rgazmasi, ilk bor global ta’lim forumi o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi, tashkilotga a’zo davlatlar turizm vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbirlar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlarda sessiya va forumlar yuksak saviyada tashkil etilgani ta’kidlandi. Muhokama etilgan masalalar va ularning yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlar butun dunyoda turizmni bugungi kun talablari asosida rivojlantirish, sohaga yo‘naltiriladigan investitsiyalar miqdorini ko‘paytirish hamda kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Xalqaro forum ishtirokchilari 20 oktyabr kuni Samarqand shahrida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Butunjahon turizm tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Turizm akademiyasining ochilish marosimida qatnashdi.

Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili hamda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov mazkur akademiya turizm sohasida sifatli ta’lim va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Akademiyada turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar talabalari amaliyot o‘tashi, sayyohlarga turli xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin. Shuningdek, bu yerda milliy hunarmandlik buyumlari va rang-tasviriy asarlari ko‘rgazma-savdolari tashkil etiladi.

Xalqaro forum ishtirokchilari “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida ham bo‘lib, ta’lim muassasasining soha uchun kadrlar tayyorlash imkoniyatlari bilan tanishdi.