Samarqand viloyati hokimining to‘rt o‘rinbosari o‘zgardi

Keyingi bir yil davomida Narpay tumani hokimi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan Sherbek Bo‘ronov viloyat hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Mutaxassisligi iqtisodchi bo‘lgan Sh.Bo‘ronov Narpayga rahbar bo‘lgunga qadar avvalgi chaqiriqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati edi.

Viloyat hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga Navro‘z Rahmonov tayinlandi.

Bungacha N.Rahmonov viloyat hokimi o‘rinbosari kotibiyati mudiri edi.

Bugun Urgut tumani hokimi vazifasidan ozod etilgan Botir Jabborov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshladi.

Ushbu vazifada ishlagan Shunqor Xudoyberdiyev bugun Payariq tumaniga hokim etib tayinlangandi.

Shuningdek, bugun viloyat hokimining o‘rinbosari - viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i ham o‘zgardi. Ushbu lavozimga shu paytgacha O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan Xurshidbek Samiyev tayinlandi.

Avval viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, keyinchalik respublika Savdo-sanoat palatasi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Jamshid O‘roqov viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasida ish boshladi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Payariq, Toyloq, Urgut tumanlarida navbatdan tashqari sessiyalar o‘tkazilib, mazkur hududlar hokimlari o‘zgardi. Viloyat soliq boshqarmasida ham yangi rahbar ish boshladi.