Samarqand viloyati turizm sohasi vakillari - Latviyada

2023 yilda Samarqandga 2 million 104 ming nafar xorijiy sayyohlar tashrifini amalga oshirish maqsad qilingan. Bu maqsadga erishish, ko‘hna kentga sayyohlarni ko‘proq jalb qilish uchun Samarqand viloyati delegatsiyasining Yevropa mamlakatlariga xizmat safari boshlandi.

Delegatsiya a’zolari xizmat safarining ilk kunida Latviya Respublikasining Riga hamda Yurmala shaharlarida bo‘lib, “Alta” turizm tashkilotlari assotsiatsiyasi a’zolari bilan uchrashuv tashkil etdi. Uchrashuvda "Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kompaniyasi tashkil etilib, Latviya turizm sohasi vakillari bilan xorijiy sayyohlarni yurtimizga jalb etish, turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar va yaratilgan imkoniyatlar hamda so‘nggi yillarda Samarqandda tashkil etilgan yangi turizm mahsulotlari taqdim etildi.

Uchrashuv doirasida tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari ham yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Riga shahridagi O‘zbekiston savdo uyida yurtimizga turizm sohasida investitsiya kirtish istagida bo‘lgan investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Savdo uyida Samarqand turizmini targ‘ib etish yuzasidan doimiy hamkorlikni amalga oshirishga kelishib olindi.