Bizni kuzating

Samarqand viloyatidan 10 nafar mahalla raisi «TOP-100»talikda

2026 yilning uchinchi choragi yakunlari sarhisob qilinib, mamlakatimiz bo‘yicha eng samarali faoliyat yuritayotgan «TOP-100» mahalla raislari aniqlandi.

Quvonarlisi, mazkur e’tirofga loyiq ko‘rilganlar orasidan Samarqand viloyatining 10 nafar mahalla raisi ham o‘rin oldi.

Bu natija viloyatda mahallalardagi mavjud muammolarni hal etish, aholi turmush farovonligini oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, shuningdek, fuqarolarning dardu tashvishlariga yechim topish borasida olib borilayotgan ishlarning muhim e’tirofi hisoblanadi.

Mazkur reyting mahallalarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, jinoyatchilik hamda oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, mahalla raislarining aholi bilan muloqot darajasi, muammolarni hal etishdagi yondashuvi va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi faolligi kabi mezonlar asosida shakllantirildi.

Zero, mahalla — inson qadri ulug‘lanadigan, aholi manfaatlari ta’minlanadigan, ezgu tashabbuslar va bunyodkorlik ishlari boshlanadigan maskan. Mahalla raisining faolligi, tashabbuskorligi va odamlar bilan yaqindan muloqot qilishi hududdagi ijtimoiy muhitni yaxshilash, aholini qiynayotgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Samarqand viloyatidan 10 nafar mahalla raisining mamlakat miqyosidagi «TOP-100» ro‘yxatidan joy olishi — mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar, mas’uliyat va tashabbuskorlikning munosib e’tirofidir. Ushbu natija viloyatdagi barcha mahalla raislari uchun ham muhim rag‘bat bo‘lib, aholi bilan hamjihatlikda ishlash, har bir xonadonning muammosiga befarq bo‘lmaslik va mahallalarni yanada obod qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.