Bizni kuzating

Samarqandda Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi oilaviy korxona vakili tegishli vakolatga ega bo‘lmagani holda bir fuqaro va uning ikki nafar qarindoshini Saudiya Arabistoniga Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilgan. Buning evaziga u 3 450 AQSh dollari talab qilgan.
U so‘ralgan puldan 3 ming dollarni olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shunga o‘xshash holat Namangan viloyatida ham aniqlangan. Namangan tumanida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni noqonuniy ravishda Umra ziyoratiga yuborish evaziga 1350 AQSh dollari talab qilgan.
U oldindan 1200 dollar olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.