Bizni kuzating

O‘zbek tili dunyo tillari reytingida uch pog‘ona yuqoriladi

Xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida O‘zbek tili bayrami munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi va shoirlar, viloyatdagi milliy madaniyat markazlari rahbarlari, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari, talabalar ishtirok etdi.

Viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov tadbir qatnashchilarini o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi bilan tabrikladi.

Mamlakatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitish borasida olib borilayotgan ishlar, ona tilimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish jarayonlariga e’tibor qaratildi.

Samarqand davlat universitetining Markaziy Osiyo xalqlari tili va madaniyati instituti professori, filologiya fanlari doktori Azamat Pardayev o‘zbek tilining dunyo tillari orasida tutgan o‘rni, ona tilimizning lug‘at boyligi va jozibadorligi haqida so‘z yuritdi.

– Hozir dunyoda 1400 dan ziyod til yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi, – deydi A.Pardayev. – Dunyo tillari reytingiga ko‘ra, o‘zbek tili 37-o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda 50 milliondan ortiq kishi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu esa yer yuzidagi har 150 kishidan biri o‘zbek tilida gaplashishini anglatadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tadqiqotchi va olimlarning ilmiy izlanishlari natijasida o‘zbek tili dunyo tillari reytingida uch pog‘ona yuqoriladi. Bugungi kunda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini yanada oshirish va uni asrab-avaylash oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biridir. Buning uchun, avvalo, o‘zbek tilini kompyuter texnologiyalariga moslashtirish, uni imperialistik tillar ta’siridan saqlash, o‘zbek tilining milliy korpusini yaratish hamda yoshlarning savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Tadbirda shoirlar, ijodkorlar, talabalar, turli millatga mansub yoshlar o‘zbek tili haqida she’rlar o‘qidi, o‘z fikrlarini bildirdi.

– Men Eron Islom Respublikasi fuqarosiman va 2021 yildan buyon oilamiz bilan Samarqand shahrida yashaymiz, – deydi Mastone Husayniy. – Bolaligimdan turli tillarni, jumladan, o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqqanman va bugun bu tilda erkin so‘zlasha olaman. Maktab davridanoq bu tildagi asarlarni o‘qiganman va shuning uchun bu yil Samarqand davlat chet tillar institutiga o‘qishga kirdim. O‘zbek tili juda chiroyli va lug‘at tarkibi boy til.

Tadbirda viloyat va shahar hokimliklari, ta’lim muassasalari vakillari hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.

O‘zbek tili bayrami munosabati bilan viloyatdagi ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, madaniyat maskanlarida ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar, anjuman va davra suhbatlari, ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Bugun viloyat musiqali drama teatrida konsert dasturi namoyish qilinadi.

Fazliddn Ro‘ziboyev.